Geydar Aliyev portretini yaratgan buxorolik rassom xonadonida uy-muzeyini ochdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati faxriy aʼzosi Aslon Ramazonov qorakoʻl terisi parchalari hamda har xil zar iplardan portret yaratish texnologiyasini yaratgan ijodkor sanaladi. 1986-yilda Moskva xalq sanʼati universitetining dastgohli rangtasvir va grafika fakultetini tugatgan rassom oʻttiz besh yildan ziyod vaqt davomida shu texnologiyani takomillashtirish ustida izlanishlar olib borib boy tajriba toʻpladi.
Yaqinda rassom oʻz xonadonida uy-muzey ochdi. Koʻrgazmaga qoʻyilgan asarlar qatorida tarixiy shaxslargina emas, bizu siz bilan zamondosh koʻplab taniqli kishilar portretlarini koʻrish mumkin.
— Oʻz faoliyatim davomida davlat buyurtmasi asosida oʻnlab taniqli siyosatchilar, tarixiy shaxslar, urush va mehnat faxriylari, fan va madaniyat namoyondalari, obroʻli insonlarning portretlarini yaratganman, - deydi Aslon aka. — Ular orasida qardosh ozarbayjon xalqining ardoqli farzandi Geydar Aliyevning portreti ham bor. Zar iplardan yaratilgan bu asar ikki – uch oylik mehnat natijasidir. Ushbu ijodiy ishim ikki qardosh xalqning ildizi uzoq yillarga borib taqaladigan doʻstligi ramzi boʻlib tuyuladi menga.
Aslon Ramazonov Gʻijduvonning Labirud qishlogʻida tugʻilgan. Dastlab Gʻijduvon tuman, keyin esa Buxoro shahri madaniyat boʻlimida faoliyat yuritgan. OʻzFA Buxoro mintaqaviy ilmiy markazi tasviriy va amaliy sanʼat boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan. Koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Qator tanlovlar va koʻrgazmalarda gʻolib chiqqan.
— Qorakoʻl terisi hamda zar iplardan portret yaratish texnologiyasi juda murakkab jarayon, - deydi 70 yoshni qarshilagan rassom. — U ijodkordan qunt, sabr-toqat, oʻtkir nigoh va nozik didni talab qiladi. Sizga aytsam, koʻngli ochiq, samimiy insonlarning portretini yaratish men uchun oson kechadi.
Aslon Ramazonov asarlarini dunyoning koʻplab muzeylari, shaxsiy kolleksiyalarda uchratish mumkin. Rassomning oʻzi bilan bevosita muloqotga kirishmoq istagidagi taniqli shaxslar ham oz emas. Shu holatning oʻzi rassomga oʻziga xos ijodiy turtki vazifasini oʻtaydi. Aytmoqchi, qahramonimiz ayni kunlarda yana bir orzusi roʻyobi ustida ishlamoqda. Buyuk ajdodimiz, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy portretini yaratmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring