Gʻazoliklar ovqat topish ilinjida hayotini xavf ostiga qoʻyib, uzoq masofalarga borishmoqda
Gʻazodagi minglab falastinliklar oziq-ovqat yetishmasligi tufayli hududning uzoq manzillariga borishga majbur boʻlmoqda. Biroq, Isroil kuchlari gumanitar yordam markazlariga borgan falastinliklarni oʻqqa tutmoqda. Bu haqida “Reuters” nashri xabar berdi.
“Bolalarimiz uchun oziq-ovqat olib qaytamiz va ular xursand boʻlishadi. Lekin bu yoʻlda halok boʻlishimiz ham mumkin. Farzandlarimiz och qolganda yigʻlay boshlaydilar. Kun davomida uch, toʻrt kilometr masofa bosib oʻtishimizga toʻgʻri kelmoqda. Oyogʻimiz jarohatlangan, oyoq kiyimimiz esa yaroqsiz holga kelib qoldi”, — deydi Gʻazoda yashovchi mahalliy aholi vakillari.
Gʻazo shifokorlarining maʼlum qilishicha, oziq-ovqat topolmayotgan mahalliy aholi oʻz hududidan uzoqda boʻlgan yordam tarqatish punktlariga borishga majbur boʻlishmoqda. Soʻnggi ikki kun ichida oʻnlab falastinliklar BMT hamda xalqaro yordam agentliklari tomonidan olib kelingan yordam yuk mashinalaridan oziq-ovqat olishga borgan vaqtda Isroil kuchlari tomonidan oʻqqa tutilgan.
Isroil harbiylari mazkur hujumlarni izohlar ekan, xavf tugʻdiruvchi qoʻshinlar harakat qilayotgan hududlarga yaqinlashgan odamlarni tarqatish uchun oʻq uzganini, bu harakat ogohlantiruvchi signal ekanini maʼlum qilgan.
Gʻazo sogʻliqni saqlash vazirligi may oyi oxiridan buyon yordam tarqatish punktlariga borgan yuzlab falastinliklar Isroil hujumiga uchrab, halok boʻlgan. Yana koʻplab insonlar turli darajadagi tan jarohatlari olib, shifoxonalarga yotqizilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring