Gʻazo sektori aholisi keng koʻlamli vayronagarchiliklarga qaramay uylariga qaytmoqda
Foto: AP
Gʻazo sektoridagi Xon-Yunus shahri aholisi keng koʻlamli vayronagarchilik va yashash sharoiti yoʻqligiga qaramay uylariga qaytmoqda.
Xon-Yunus shahri harbiy operatsiya boshlangan — 7-oktyabrdan beri Isroil tomonidan ommaviy bombardimonlarga uchragan. Baʼzi kvartallar, jumladan, koʻp qavatli turarjoy binolari, masjidlar, maktablar va tibbiyot muassasalari butunlay vayron boʻlgan. Qisman shikastlangan yoki zarar koʻrmagan binolarda elektr va suv taʼminoti yoʻq.
“Urush boshida uylarimizni tark etib, Xon-Yunusdagi evakuatsiya qilinganlar maktabiga bordik. Sulh kuchga kirgandan keyin qaytib keldik va bu dahshatni koʻrdik. Kvartalimizda yashash uchun sharoit yoʻq”, deydi shahar aholisi Nabil Abu Toemi.
Baʼzi oilalar sulh davrida uylari xarobalarida yashashni afzal koʻrmoqda. Odamlar koʻchada olovda ovqat pishirishga majbur boʻlmoqda. Baʼzi joylarda yomgʻirdan boshpana uchun qoʻlbola chodirlar oʻrnatilgan.
Dushanba kuni HAMAS va Isroil Qatar va Misr vositachiligida Gʻazo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish uchun toʻrt kunlik gumanitar sulhni yana ikki kunga uzaytirishga kelishib oldilar. Shunday qilib, sulh 30-noyabr ertalabgacha amal qiladi.
Ayrim OAV Misr, Qatar, AQSH va Isroil sulhni davom ettirish imkoniyatini muhokama qilayotganini yozmoqda.
Mojaro tomonlari oʻrtasida oktyabr oyi boshida mojaro avj olgandan keyin birinchi keng koʻlamli kelishuv 22-noyabr kuni Qatar vositachiligida erishilgan edi. Tomonlar bir-birining oʻnlab garovga olinganlar va Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni almashish uchun toʻrt kun davomida harbiy harakatlarni toʻxtatishga kelishib oldilar. Toʻrt kunlik sulh 24-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07.00da boshlandi va seshanba kuni yana ikki kunga uzaytirildi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat 7-oktyabr kuni Gʻazo sektoridan Isroilga Falastinning HAMAS harakati jangarilarining kirib kelishi, Isroil bilan chegaradosh hududlar aholisining oʻldirilishi va 200 nafardan ortiq, jumladan, bolalar, ayollar va qariyalarning garovga olin olinishi bilan keskin yomonlashdi. HAMAS hujumni Isroilning Quddusdagi Al-Aqso masjidiga qarshi harakatlariga javob deb atadi.
Shundan soʻng Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat urush holatida ekanligini eʼlon qildi. Mamlakat mudofaa kuchlarining javob operatsiyasi “Temir qilichlar” deb ataldi va uning maqsadi HAMASni yoʻq qilish hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring