Forma hujum qilishga emas, himoya qilish uchun berilgan — IIV YHXBB munosabat bildirdi
“Fikr uchun hech kim, hech qachon jazolanmasligi kerak. Bir nima desa darrov oblib kirib qoʻyaversa, fikr yoʻqoladi. Hamma jim boʻladi". Bu gap yosh jurnalist, bloger Bahodir Ahmedov qalamiga mansub. Shu fikr yozilgan kunning ertasidan boshlangan va hozirgacha davom etayotgan voqealar ushbu gapning naqadar toʻgʻri va dolzarb ekanligini koʻrsatib berdi.
Ichki ishlar vazirligining rasmiy telegramm kanalida soʻnggi bir yil davomida deputatlar xatti-harakati haqida bir dona, 15-17-aprel kunlarining oʻzida esa deputatlarga oid ikkita material eʼlon qilindi. Shu davr oraligʻida ushbu kanalga 40 dan ortiq material va xabarlar joylangan boʻlsa, boshqa birortasida qonunbuzarlar qaysidir amaldor yoki kasb vakili ekanligiga urgʻu berilmasdan, “shaxs”, “haydovchi”,“fuqaro”, “uka”, “aka” kabi umumiy nomlar qoʻyilgan. Xoʻsh, ichki ishlar vazirligi nega aynan deputatlarga yopishib oldi, deputatlar ularni shunchalik jahlini chiqaradigan qanday xatti-harakatni amalga oshirdi?
Joriy yilnig 13-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va “Adolat” SDP rasmiy saytlarida va boshqa bir qator internet nashrlarida Respublika komissiyasi qarori bilan shifokorlar ishga borish-kelishda avtomobildan foydalanishga ruxsat berilgan boʻlsa-da ayrim ichki ishlar organlari xodimlari bunga toʻsqinlik qilayotgani yuzasidan murojaatlar kelgani, hozir eng zarur insonlarga aylangan shifokorlar inspektorlar bilan huquq talashishi emas, odamlarni davolashi kerakligi lozim deya oʻz mulohazalarimni bildirgan edim. Bunga “Deputatga populizm yarashadimi” nomli IIV YHXBB Axborot xizmatining populistik raddiyasi eʼlon qilindi. Raddiyada respublika boʻyicha birorta holatda ham davlat muassasasida ishlovchi shifokorlar mashinasi asossiz jarima maydonchasiga qoʻyilmaganini taʼkidlashibdi.
Ayni shu paytda, yaʼni 14-aprel kuni Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori eʼlon qilindi. Unda bir kun avval koʻtarilgan masala inobatga olinib shifokorlarning mashinada yurishga ruxsat berilgani yana-da oydinlashtirildi. Mazkur qarori “roʻyxatni amaliyotda qoʻllash bilan bogʻliq turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida” deya boshlangan. Demak 8-14-aprel kunlari davomida tushunmovchiliklar boʻlgan va navbatdagi tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida shu band kiritilgan. Oʻz-oʻzidan maʼlum boʻlyaptiki, IIVning hozirgacha bunday holat boʻlmadi degan bayonoti asossiz boʻlib chiqmoqda.
Ammo, lekin, biroq ushbu maqoladagi shifokorlar murojaati asosida koʻtarilgan muammo ularga yoqmagan. IIV deputatlarni kimligini xalqqa koʻrsatib qoʻyishga kirishib ketishdi. Bu orqali ular oʻzlarining kimligini aholimizga namoyon qilmoqda. Keyingi safar oʻylab gapir demoqchiday goʻyo. Ertaga jurnalistlar yoki blogerlar ham IIV tanqid qilsa, ularning ham “bosar-tusari”ni bilmay qolganligi haqida videolavhalar ketma-ketligi xalqqa taqdim qilinsa ajablanmayman.
Oʻzbekistonda amalda boʻlgan qonun ustuvorligi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi tamoyillardan IIV axborot xizmatining xabari yoʻqmi? Eng asosiysi xalq ishonch bildirgan deputatlarga shunday munosabatda boʻlinmoqda, oʻz haq-huquqini talab qilib, ularning mushugini pisht degan, xalqimiz, oddiy fuqarolarimiz qay ahvolga tushadi.
Hurmatli Ichki ishlar organlari vakillari ayni sinovli kunlarda sizlarning ertayu kech olib borayotgan xizmatlaringizni eʼtirof etamiz, ammo bittagina mening maqolam sabab butun deputatlik korpusiga tosh otmang. Gapingiz, eʼtirozingiz boʻlsa, marhamat muloqatga tayyorman.
Respublika maxsus komissiyasining 8 hamda 14-apreldagi qarorlari bilan shifokorlarga mashina haydashga ruxsat berilgan boʻlsa-da, hozir-da qanchadan-qancha shifokorlar mashinlari jarima maydonchasida yotibdi. Shu boisdan IIVdan oʻtgan davr mobaynida mashinasi jarima maydonchasiga qoʻyilgan shifokorlarni, ular tomonidan tegishli hujjatlar koʻrsatilgan taqdirda, jarimani bekor qilishni va avtomashinasini olib ketishiga ruxsat berishingizni va bu haqida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishingizni soʻrayman.
Zero, shifokorlar ayni kunlarda jarima maydonchasi yoki IIV boʻlinmalari binosida emas, bemorlar oldida boʻlishi kerak.
Maxfirat XUSHVAQTOVA
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring