Forish yaylovlarida qorakoʻlchilik rivojlanmoqda

17:35 21 Aprel 2022 Jamiyat
835 0

Foto: Халқ сўзи

Forish tumanining bir tomoni togʻliklar, bir tomoni qir-adirliklar, bir tomoni dashtu qumliklar va yana bir tomoni Aydar-Arnasoy koʻllari tizimiga ulanib ketadi. Jizzax viloyatining eng yirik tumanlaridan biri boʻlgan mazkur hudud chorvachilik tarmogʻi, xususan, qorakoʻlchilikni rivojlantirishda juda keng imkoniyatlarga ega. Chindan ham Forish avvaldan qorakoʻl qoʻylarini va undan olinadigan mahsulotlarni yetishtirish boʻyicha yetakchi hududlardan biri boʻlib kelgan va yana oʻsha mavqeyini tiklash uchun harakat qilinmoqda.

Bugungi kunda tumanda 102 ta qorakoʻlchilik fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib, ularga tegishli 112 ming gektar yaylovlarda 61 ming 800 boshdan oshiq qorakoʻl qoʻylari parvarish qilinmoqda.

Ushbu xoʻjaliklardan biri - “Olimjon qorakoʻlchi” fermer xoʻjaligi bundan toʻrt yil oldin 290 bosh qorakoʻl qoʻylar bilan faoliyat boshlagan boʻlsa, hozirda bu yerda mayda shoxli mollar soni 700 boshga yetgan.

— Qorakoʻlchilik fermer xoʻjaliklari tomonidan naslchilik ishlarini yaxshilash maqsadida qoʻshni Afgʻoniston davlatidan hamda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan naslli qoʻchqorlar keltirildi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Forish tuman boʻlimi katta inspektori Behruz Bozorov. — Bunda xoʻjaliklarda naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini tizimli tashkil etish, chorvachilikda naslchilik bilan shugʻullanuvchi xoʻjaliklarga yer maydonlarini ajratish va ulardan samarali foydalanilish muhim hisoblanadi. Mazkur vazifalarning bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilib, xoʻjaliklarda profilaktik targʻibot tadbirlari olib bormoqdamiz.

Umuman olganda, qorakoʻl qoʻylari mayda shoxli mollarning eng qadimgi zoti boʻlib, bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq davlatida qorakoʻl zotli qoʻylar boqiladi. Binobarin, mamlakatimizda ham qorakoʻlchilik tarmogʻida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorakoʻl teri yetishtirish, choʻl ozuqabop ekinlar urugʻchiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish chorvachilikning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.

Misol uchun, qorakoʻlchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer soligʻi stavkalari 2023-yil 1-yanvarga qadar oʻzgarishsiz qoldi. Respublika hududida qorakoʻl terisi va junini tayyorlash hamda xarid qilish «Oʻzcharmsanoat» va “Qorakoʻlchilik” uyushmalari tizimidagi korxonalar tomonidan oldindan 50 foiz avans toʻlash orqali amalga oshiriladi. Qorakoʻlchilik bilan shugʻullanuvchi subyektlar qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan jihozlar va materiallar uchun bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер