Fidoyi kasb egalari sharaflandi

09:55 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
255 0

Foto: Xalq so'zi

Xorazm viloyatida maktabgacha va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimlarida 45 ming nafardan ziyod ustoz va murabbiylar yoshlarga taʼlim tarbiya berib kelmoqda.

Keyingi yillarda sohadagi tub islohotlar natijasida uzluksiz taʼlimning barcha bosqichlarida ijobiy oʻzgarishlarga erishilmoqda. Masalan, maktabgacha taʼlim tizimida 2016-yilda viloyatda bogʻcha yoshidagi bolalarning qamrov darajasi 21 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib 81 foizga yetdi. Joriy yilda viloyatdagi 12 ta umumtaʼlim maktabida 3 ming 344 oʻrinli yangi oʻquv binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. Oʻquvchilarga ikkita xorijiy til va bitta kasb oʻrgatish tizimini joriy etish boʻyicha 51 ta umumtaʼlim maktabi mahalliy hokimliklar tomonidan 20 mlrd. soʻmlik mebel jihozlari bilan taʼminlandi. Yaqinda maktablarda xorijiy til va informatika fanlarini oʻqitish loyihasi doirasida viloyatdagi 55 ta umumtaʼlim maktablariga 880 dona kompyuter jamlanmalari va boshqa oʻquv jihozlari yetkazib berildi.

Keyingi yillarda viloyatda oliy taʼlim muassasalarida qabul kvotalari soni oshib, yangi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi, bir nechta nodavlat universitetlar tashkil qilinib, minglab talaba yoshlarni oʻz bagʻriga oldi. Natijada 2021-yilda viloyatda maktab bitiruvchilarning 26 foizi oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 50 foizdan oshdi.

— Hurmatli Prezidentimiz taʼkidlaganidek, barcha saʼy-harakatlar “Oʻzbekistonda eng obroʻli inson muallim boʻlishi kerak” degan gʻoyani amalga oshirishga qaratilgan,- deydi Qoʻshkoʻpir tumanidagi 5-sonli maktab oʻqituvchisi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi Feruza Allaberganova.— Joriy yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilingani, “Oʻzbekiston -2030” strategiyasida asosiy eʼtibor taʼlim sohasini isloh qilishga qaratilgani bejiz emas. Chunki, Uchinchi Renessans – maktab ostonasidan boshlanadi, ustoz va murabbiylar esa yangi Uygʻonish davrining yaratuvchilaridir.

Xorazm viloyatida ham 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan bayram tadbiriga barcha shahar va tumanlardan maktabgacha va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida mehnat qilib kelayotgan fidoyi ustoz va murabbiylar, soha faxriylari taklif qilindi. Viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov mamlakatimiz Prezidentining Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishda munosib yutuqlarga erishgan bir guruh ustozlarga davlat mukofotlari, viloyat hokimining faxriy yorligʻi hamda bayram sovgʻalari topshirildi. Tadbir viloyat sanʼat ustalari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.

                                                                          Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер