Farg‘onaning serqirra ijodkor farzandi
Foto: “Xalq so‘zi”
So‘lim Farg‘onaning otashnafas farzandi - Saydali Odilov uzoq yillar davomida jurnalist, publitsist, dramaturg va yozuvchi sifatida samarali ijod qilib kelmoqda.
Taniqli ijodkor qariyb yigirma yil davomida hozirgi “Farg‘ona haqiqati” gazetasida ishlagan. Keyinchalik viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i, teatr rahbari bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimiz teatrlarida Saydali Odilovning yigirma yaqin asarlari sahnalashtirildi. Yozuvchi sifatida o‘nga yaqin kitoblari nashr etildi.
Farg‘ona viloyat Matbuot uyida isteʼdodli adibning 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan adabiy uchrashuvda yig‘ilganlar Saydali Odilovning hayoti va ijodiy faoliyati haqida dildan suhbatlashdi, ustozni qutlug‘ yoshi bilan qutlashdi.
-Farg‘ona viloyati hokimi farmoyishiga ko‘ra, viloyatda noyabr oyining uchinchi o‘n kunligida bo‘lib o‘tadiyotgan "Adabiyot kunlari" doirasida Saydali Odilovning qutlug‘ 80 yillik tantanalari ham tashkil etilmoqda, -deydi Farg‘ona davlat universiteti professori Siddiqjon Mo‘minov. – Bugungi tadbir adabiyot bayramining o‘ziga xos debochasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Shuningdek, tadbirda Saydali Odilovning yaqinda nashr etilgan “Hayot saboqlari” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring