Fargʻonaning 57 kilogrammli azamat oʻgʻloni!

11:56 24 Sentyabr 2019 Jamiyat
1382 0

Xabaringiz bor, joriy yilning 7-21-sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida boks boʻyicha jahon chempionati oʻtkazildi. Unda 78 ta davlatdan 365 nafar kuchli sportchilar ishtirok etishib, gʻoliblik uchun qizgʻin bahs olib borishdi. 

Oʻzbekiston terma jamoasi safidan Fargʻona viloyatining Quva tumanida tavallud topgan Mirazizbek Mirzaxalilovning ham joy olgani bugun barcha fargʻonaliklarni behad quvontirdi.

Chempionatning 57 kg vazn toifasida ringga koʻtarilgan Mirazizbek Mirzaxalilov final uchrashuvida uch karra jahon chempioni va Olimpiada oʻyinlari sovrindori kubalik raqibini magʻlub etib, jahon chempioniga aylandi.

Mirazizbek Mirzaxalilovning jahon chempioni boʻlishi Fargʻonada katta bayramga aylanib ketdi. Uni tanigan, bilganlar chempion oʻz uyiga qaytguniga qadar ota-onasini tabriklash uchun oshiqdilar.

Viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev boshchiligida bir guruh mehmonlarning azamat oʻgʻlon xonadonida boʻlishi, qimmatbaho sovgʻalar va mukofotlarning uning ota-onasiga topshirilishi oila aʼzolarini ruhlantirib yubordi. Farzandini el-yurt shaʼnini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilib, xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlashga kamarbasta boʻlganidan ayniqsa, otaning qaddi yanada rostlandi.

  • ­Bu quvonchli voqea nafaqat oila aʼzolarimizni, balki butun oʻzbekistonliklarni birdek quvontirgani menga faxr bagʻishlaydi, ­- deydi chempionning otasi Mirzakarim Yunusov. ­– Bu yutuqlarning zamirida yurtimizda sportchilarga yaratilgan sharoitlar va yuksak eʼtibori mujassamdir. Oʻgʻlimning Olimpiada chempioni ham boʻlishiga tilakdoshman. Vatanimizning muqaddas bayrogʻini u kabi azamatlar baland koʻtarishaversin!
  • ­Boks boʻyicha taʼlim-tarbiyani oiladan boshlagan boʻlsam, bilim va mahoratni tajribali murabbiyim Bahodir Erkayev qoʻl ostida shakllantirdim. Oʻtgan yillar davomida bir qator respublika, Osiyo chempionatlari, jahon kubogi musobaqalarida, qolaversa xalqaro turnirlarda munosib ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olganligim sababi biz yoshlarga yurtimizda yaratilgan qator imkoniyatlar natijasi deb bilaman. Fursatdan foydalanib, barcha bokschilar nomidan Prezidentimizga oʻz tashakkurimni yetkazaman. Poytaxt aeroportida, qolaversa, Fargʻonada tantanali kutib olinishimdan boshim koʻkka yetdi. Bor kuchimni sarf etib, Vatanim nomini sharaflarga burkayveraman!

Mirazizbek Mirzaxalilovning erishgan ulkan gʻalabasi mamlakatimizda, xususan Fargʻona viloyatida katta xursandchiliklarga sabab boʻldi. Jahon chempionini shodu xurramlik bilan kutib olish uchun Quva tumanining boshlanishidanoq sportchilar, yoshlar, maktab va kollejlarning iqtidorli oʻquvchilari, keng jamoatchilik vakillari yoʻlga chiqishib, Mirazizbekni olqishlar, gullar bilan qarshi olishdi. Viloyat va tuman hokimliklari, Boks federatsiyasi, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, bolalar va oʻsmirlar sport maktablari tarbiyalanuvchilari, murabbiylar va boshqa sport mutasaddilari tomonidan kutib olish marosimining yuqori saviyada tashkillangani barchaga birdek hayajonli lahzalarni hadya etdi. Qolaversa, chempionning xonadonigacha tashkil qilingan fargʻonaliklardan iborat jonli devor Mirazizbek qalbini yanada sururga toʻldirdi.

Chempionni kutib olish marosimiga yigʻilgan yoshu qarining yuz-koʻzida yurtimizdagi tinch, yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlar natijasida tuman yoshlari orasidan ham Mirazizbek Mirzaxalilov kabi jahon chempionlari yetishib chiqayotganiga shukronalik hisi ufurib turdi. Aytilgan dil soʻzlar, tabrigu ashʼorlar, qoʻshigʻu kuylarning bosh mavzusi ham ana shunday xursandchilikni qamrab oldi.

Elyorjon Ehsonov,

“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер