Fargʻonalik tadbirkorlar viloyat hokimini istiqbolli loyihalari bilan tanishtirdi
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati hokimligida turizm yoʻnalishida yangi loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda 12 nafar tadbirkor viloyat hokimini bu boʻyicha ishlab chiqqan istiqbolli loyihalari bilan batafsil tanishtirdi. Har bir loyihani hayotga tatbiq etish imkoniyatlari oʻrganilib, aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Muloqotda loyihalarni amalga oshirishda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun qulayliklarni yanada kengaytirish, turistik obyektlarni zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qurish muhimligi taʼkidlandi.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmatining “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, Uchkoʻprik tumanida “Mehrigiyo” oilaviy korxonasi tomonidan “EXPO-CENTER” loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, unda organik oʻsimliklar muzeyi, oranjereya, gastronom, kongress-xol, avto-parking va boshqa bir qator bino-inshootlar qurilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Soʻx tumanida bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi negizida “EDU LAND” MCHJ tomonidan yurtimizda birinchi bor turizm sanoati mutaxassisliklari tayanch maktabini tashkil etish maqsad qilingan. Maktabda zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar oʻrgatilishi, turizm boʻyicha yetuk kadrlar zaxirasi yaratilishi rejalashtirilmoqda. Eʼtiborlisi, 2023-yilning yanvar oyidan faoliyat boshlaydigan ushbu maktabda qoʻshni davlatlardan ham oʻquvchilar jalb etiladi.
Taqdimotlar davomida Quva tumanida joylashgan Karkidon suv ombori hududida 300 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega dam olish majmuasi, Yozyovon tumanida tuyachilik turizm markazi tashkil etish hamda Fargʻona shahridagi foydalanilmay yotgan Yoshlar koʻli oʻrnida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida bolalar uchun koʻngilochar maskan bunyod etish loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar shu yerning oʻzida ijobiy hal etildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring