Fargʻonada jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi

10:23 02 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1962 0

“Fargonaazot” aksiyadorlik jamiyatida «Oʻzkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan press-tur boʻlib oʻtdi.

Unda respublika OAV vakillari hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlar qatnashdi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Margʻilon shahriga sayohat uyushtirib, hunarmandlar markazi, Yodgorlik majmuasi, ijodkorlar bogʻi va Pir Siddiq majmuasida boʻlishdi.

Ayni paytda korxonada 30 turdagi mineral oʻgʻit, kimyoviy eritmalar, ammiak, nitrat kislotasi, suyuq va gazsimon kislorod va azot, shuningdek 10 dan ortiq boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, innovatsion loyihalar asosida mahalliy xomashyo yordamida 6 turda mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani eʼtiborga sazovordir.

— Korxona qoshida ilmiy-innovatsiyalar markazi tashkil etilgan, — deydi markaz rahbari Otabek Madaminov. — Asosiy eʼtibor kimyo sanoatining innovatsion rivojini taʼminlash hamda tarmoqlararo oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilmiy yutuqlarni patentlash va litsenziyalashdan iborat. Markazda zamonaviy laboratoriyalar va tajriba-eksperiment maydonchalari faoliyat koʻrsatyapti.

Hozirgi kunda korxonada ishlab chiqarish jarayonlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish doirasida umumiy qiymati 680 mln. dollarga teng 6 ta istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada mahsulot ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshib, yangi turdagi import oʻrnini bosuvchi qoʻshimcha 6 xil kimyo mahsulotlari tayyorlanadi. Bu 600 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish hamda eksport salohiyatini 118 mln. dollarga oshirish imkonini beradi.

Press-tur qatnashchilari korxona qoshida tashkil etilgan “Winchemical” Oʻzbekiston — Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi ish faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda 3 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilib, Markaziy Osiyo va hamdoʻstlik mamlakatlarida yagona devorbop dekorativ qoplamalar ishlab chiqarish faoliyatiga asos solindi. Ayni paytda ushbu mahsulotlar Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyaga eksport qilinyapti.

Taʼkidlash joizki, korxonada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi sifatida bugungi kunda bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning15 ga davlatlariga eksport qilinishiga erishilmoqda.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер