Fargʻonada yoshlar sayli boʻlib oʻtdi
Foto: «Xalq soʻzi»
Fargʻona viloyatida “Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida navqiron avlod vakillari sayli hamda gala-konsert oʻtkazildi.
Tadbirda poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, taʼlim, ilm-fan namoyandalari soʻzga chiqib, mamlakatimiz Konstitutsiyasiga kiritilayotgan yangiliklar, yangilanayotgan Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati xususida batafsil maʼlumot berishdi.
— Bugungi muloqot fargʻonalik yoshlar muhim siyosiy jarayonga aslo befarq emasliklarini koʻrsatdi, — deydi aktyor Rasulxon Qodirxonov. — Shu uchun ham targʻibot tadbiri samimiy, doʻstona kayfiyatda oʻtmoqda. Yigit-qizlar oʻz taqdiri, kelajagi bilan bogʻliq yangilik va oʻzgarishlar jarayonida hayotning joʻshqin oqimidan chetda emasliklari naqadar quvonarlidir.
Yoshlar sayli davomida taniqli sanʼatkorlar, estrada xonandalarining chiqishlari, mushakbozlik barchaga unutilmas taassurotlarni tuhfa etdi.
— Konstitutsiya loyihasida taʼlimning barcha jarayonlari, xususan, xotin-qizlarning magistratura bosqichida oʻqishi, ilmiy faoliyati har jihatdan qoʻllab-quvvatlanishi qonunan mustahkamlab qoʻyilayotgani bizni behad mamnun etdi, — deydi Fargʻona davlat universiteti doktoranti, yosh olima, “Kelajak bunyodkori” mukofoti sohibasi Zarnigor Ubaydullayeva. — Shu bois, 30-aprel kuni oʻtkaziladigan referendumda barcha yoshlari qatori faol qatnashishni maqsad qilganman.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring