Fargʻonada senator aholi murojaatlarini koʻrib chiqdi va mahallalardagi ishlar bilan tanishdi

20:39 15 Aprel 2026 Siyosat
267 0

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Kozixonova Fargʻona viloyatiga xizmat safari davomida Fargʻona shahrida sayyor qabul oʻtkazdi hamda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Sayyor qabul davomida senatorga shaxsiy masalalar yuzasidan murojaat qilgan fuqarolarning muammolari koʻrib chiqildi. Unda tegishli viloyat boshqarma va idoralari vakillari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari masʼullari ishtirok etdi.

Murojaatlar asosan sogʻliqni tiklash, imtiyozli kredit olish, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, oliy taʼlim va aholi bandligini taʼminlash masalalariga oid boʻlib, qabul jarayonida ularning aksariyatiga yechim topildi. Koʻtarilgan barcha masalalar Qoʻmita raisi shaxsiy nazoratiga olindi.

Shuningdek, senator viloyat va shahar Kengashlari deputatlari bilan birga Fargʻona shahridagi “Mashʼal” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, “Mahalla yettiligi” faoliyatini oʻrgandi.

Oʻrganishlar davomida mahalla faoliyati samaradorligini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, “Mahalla yettiligi” aʼzolari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, uyushmagan yoshlar va tarbiyasi ogʻir oʻquvchilar bilan ishlash, shuningdek, ishsiz yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, mahalla faollariga joriy yil 7–8-aprel kunlari boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida koʻrib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida tushuntirishlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер