Fargʻonada “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan ehtiyojmand oilalarga 1 milliard 777 million soʻmlik yordam koʻrsatildi

21:11 23 Dekabr 2022 Jamiyat
753 0

Foto: Xalq so‘zi

Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga mehr-muruvvat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan anʼanaviy tadbirlar muhim sanalar oldidan yanada tigʻiz surʼatga kiradi. Xuddi shunday, ayni kunlarda Yangi yil bayrami arafasida oʻtkazilayotgan saxovat tadbirlari yuzlab oilalarga bir olam quvonch olib kirmoqda.

Xususan, xalq deputatlari Margʻilon shahar Kengashi qarori asosida “Mehr–muruvvat oyligi” doirasida, qolaversa, yangi yil oldidan shaharda istiqomat qiluvchi bir guruh ehtiyojmand, nogironligi bor fuqarolarga maxsus aravacha, qoʻltiqtayoq va eshitish moslamalari yetkazib berildi.

Margʻilon shahrining “Orol boʻyi” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Salima Mamatova tos suyagi sinishi oqibatida mustaqil harakatlana olmay qolgan. Shu bilan birga uning oilasi kam taʼminlanganlar sirasiga kiradi. Saxovat tadbirlari davomida Salimaga ham nogironlik aravachasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Ipakchilar shahrining “Kosibchilik” mahallasida yashovchi Shahnoza Orifjonova esa 2-guruh nogironi, koʻp bolali va “Ayollar daftari”da turadi. Bu oilaga ham “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan nogironlik aravasi, oziq-ovqatlar yetkazildi.

— Bunday ezgu ishlar davom etmoqda va yangi yilda yanada keng quloch yozishi shubhasiz, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Margʻilon shahar boʻlinmasi raisi Ziyoviddin Mamajonov.– Shu kunlarda Margʻilon shahri boʻylab oʻnlab ehtiyojmandlar holidan xabar olib, bayram sovgʻalarini tarqatmoqdamiz.

Maʼlumotga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida Fargʻona viloyatidagi ehtiyojmand, “Temir daftar”, «Ayollar daftari»da turgan oilalarga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan umumiy qiymati 1 mlrd. 777 mln. 368 ming soʻmlikdan ziyod moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi.

Botir MADIYOROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер