Fargʻonada Xitoy texnoparki tashkil etiladi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Fargʻona viloyatida Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi 150 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu soʻnggi yillarda hamkorlik koʻlami jadal rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Shu yilda Fargʻona viloyati delegatsiyasining chin yurtiga navbatdagi tashrifi chogʻida hududlararo hamkorlik istiqbolini taʼminlashga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi. Hozirda Fargʻona viloyatida Xitoy texnoparkini tashkil etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Ayni jarayonda viloyatdagi kichik sanoat zonalari hamda “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida ham xitoylik tadbirkorlar ishtirokida yangi loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Fargʻona viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvda Xitoyning “Ding Li group”, “Shandong develop new material”, “Zhejiang Yizhou Machinery Technology”, “Teeyer” kompaniyalari rahbarlari bilan investitsion loyihalar ijrosi muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Zhejiang Yizhou Machinery Technology” kompaniyasi rahbari Jan Lixyu Fargʻonada qurilish sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan boʻlsa, “Teeyer” kompaniyasi vakillari 15 mln. dollar investitsiya kiritish hisobiga qurilish bloklari ishlab chiqarish maqsad qilinganini taʼkidlashdi.
Fargʻona viloyati hokimi bu ezgu tashabbuslar viloyat iqtisodiyoti uchun muhimligi hamda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilishi uchun barcha sharoitlar muhayyo ekanini qayd etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring