Fargʻonada Xalqaro bagʻrikenglik kuni tantanalari boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan “Maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida Fargʻonada tantanali tadbir tashkil etildi.

Viloyat hokimligi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat boshqarmasi hamkorligida Fargʻona davlat universitetida oʻtkazilgan maʼnaviy–maʼrifiy anjuman “Konfessiyalararo muloqot va diniy bagʻrikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusiga bagʻishlandi.

Tadbirda viloyatdagi tegishli mutasaddi idoralar masʼullari, diniy tashkilotlar, nemis, slavyan, yahudiy, tatar, qirgʻiz, koreys, tojik, turk milliy madaniy markazlari rahbarlari va aʼzolari hamda talaba-yoshlar qatnashdi. Tantana avvalida namoyish etilgan millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni targʻib etuvchi “Bagʻrikeng diyor” nomli fotokoʻrgazma ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Tantanada viloyat hokimi oʻrinbosari Jamshed Xatamov yigʻilganlarni Xalqaro bagʻrikenglik kuni bilan qutlab, insonparvarlik va bagʻrikenglik diyori boʻlgan yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari oʻzaro ahillikda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.
Aytish joiz, bugungi kunda 4 millionga yaqin aholi yashaydigan Fargʻona viloyatida 400 ming atrofida oʻnlab millat va elat vakillari umrguzaronlik qilmoqda. Shuningdek, viloyatda 8 ta – rus, tojik, tatar, nemis, qirgʻiz, yahudiy, koreys va turk milliy madaniy markazlari hamda 15 ta noislomiy diniy tashkilotlar faoliyat olib borayotir.

— Biz bu kabi bayram tadbirlarida hamisha faol ishtirok etib, hamdoʻstlik oilasida xalqimizga xos milliy qadriyat va anʼanalarni keng targʻib etamiz, — deydi viloyat tojik milliy madaniy markazi rahbari Maʼsud Mirzo. — Bugun ham markazimiz faollari oʻz isteʼdodlarini namoyish etishdi, qutlugʻ sanani qadrdonlar davrasida maroqli oʻtkazdik.
Milliy madaniy markazlari badiiy jamoalarining “Bagʻrikenglik ohanglari” deb nomlangan konsert dasturi bayramga oʻzgacha fayz baxsh etdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring