Fargʻonada kelinlar sepiga “Maʼnaviy sarpo” beriladi

13:21 06 Mart 2025 Jamiyat
195 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi tashabbusi bilan “Maʼnaviy sarpo” loyihasini amalga oshirishga kirishilmoqda.

Ezgu tashabbus doirasida yangi oila qurayotgan kelinlar sarposini maʼnaviy jihatdan boyitish koʻzda tutilgan. Shu tariqa mumtoz va zamonaviy oʻzbek adabiyotining eng durdona asarlari jamlanib, yangi oilaga tuhfa etiladi. Bundan koʻzlangan maqsad oilalarda maʼnaviy-maʼrifiy muhit yaratish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, moʻjazgina boʻlsada, har bir xonadonda kutubxona tashkil etishga qaratilgan.

Ayni kunlarda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yaqinda oila qurgan yosh oilalarga kitoblar jamlanmalarini topshirish rejalashtirilmoqda.

— Har bir oilada badiiy adabiyotlar, turli mavzularga oid kitoblar boʻlishi juda quvonarlidir, — deydi “Fargʻona kitob olami” maʼrifiy savdo majmuasi rahbari Nazirjon Hoshimov. — Shu bois viloyat maʼnaviyatchilarining ushbu tashabbusida faol hamkorlik qilishni maqsad qilganmiz.

Onalar oʻqimishli, kitobxon boʻlsa, bundan nafaqat oʻsha oila, balki butun jamiyat yutadi. Barkamol avlod orzusi yoʻlidagi bunday ishlar keng quloch yozishi uchun barchamiz sidqidildan hissa qoʻshishimiz zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер