Fargʻonada yoʻl qurilishida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Foto: Xalq so‘zi
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyatining Buvayda tumani mahallalaridan biridagi koʻchaga 2022-yilgi «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida yotqizilgan yangi asfalt oradan hech qancha vaqt oʻtmay, yaroqsiz holga kelib qolgani haqida jamoatchilik oʻz eʼtirozlarini bildirgan edi.
Bu holat mahalliy hokimlik tomonidan nazoratga olinib, yoʻl yangidan taʼmirlandi va muammo bartaraf etildi. Bir qarashda hammasi joyiga tushganga oʻxshaydi. Lekin nima uchun davlat byudjetidan sarflangan katta mablagʻ havoga sovurilishi kerak, degan haqli savol tugʻiladi.
Afsuski, keyingi yillarda yurtimizda bu kabi holatlar uchrab turishidan aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Xoʻsh, ularning oldini olish uchun nima qilish kerak?
Fargʻona shahrida soha mutasaddilari ishtirokida tahliliy va tanqidiy ruhda boʻlib oʻtgan amaliy seminarda ana shu kabi ogʻriqli masalalar muhokama qilindi.

Ayni paytda Fargʻona viloyatida 20 ming 359 km avtomobil yoʻllari mavjud. 2022-yili viloyatda 695,2 km yoʻllarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilishga 346,7 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan boʻlsa, joriy yilda ushbu maqsadlar uchun 702,6 mlrd. soʻm mablagʻ jalb etilib, 1 ming 227,3 km yoʻllarni soz holatga keltirish rejalashtirilgan. Shu tariqa ikki yilda viloyatdagi 374 ta mahallada yoʻl infratuzilmasi yaxshilanishiga erishiladi.
Ammo ezgu maqsad yoʻlida barcha qurilish-pudrat tashkilotlarini ham bu ishga vijdonan yondashadi, deb boʻlmaydi. Bu borada «mendan ketguncha – egasiga yetguncha» qabilida ish tutib, belgilangan yumushlar sifatsiz bajarilishi tufayli joylarda aholida haqli eʼtirozlar paydo boʻlmoqda.
— Bu yildan tender savdolari toʻliq shaffof tarzda oʻtkazilishi hamda qurilish ishlari sifati ustidan qatʼiy jamoatchilik nazorati oʻrnatilishi zarur, — dedi Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Bundan buyon har bir obyekt boʻyicha berilgan mablagʻning toʻgʻri sarflanishi jiddiy nazoratga olinadi. Shuning uchun yoʻl qurilishi sohasining har bir vakili oʻz faoliyatida halollik, insof va adolatni asosiy vazifa sifatida belgilab olishi lozim.
Yoʻl qurilishida uchrayotgan muammolar haqida gapirar ekan, viloyat hokimi 2022-yilning dekabr oyida oʻtkazilgan tender savdolarida gʻolib boʻlgan quruvchi-pudratchilar oʻta sustkashlikka yoʻl qoʻyganini keskin tanqid qildi. Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun soha rahbarlari zimmasidagi masʼuliyatni jiddiy anglab yetishi muhimligini taʼkidladi.
— Bugungi yigʻilishdan barchamiz oʻzimizga tegishli xulosa chiqarib oldik, — deydi Fargʻona viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Oybek Nazirov. — Ezgu tashabbusga koʻra, yaqin ikki-uch yilda viloyatda taʼmirlanmagan ichki yoʻllar qolmaydi. Shu bois bugungi kunda viloyatning har bir shahar-tumanida ishlar koʻlami juda katta. Ayni jarayonda kuchli jamoatchilik nazorati oʻrnatilishi bizga ham koʻmak beradi.
Seminar ishida ushbu sohaga tatbiq etilayotgan yangiliklar, zamonaviy texnika va texnologiyalar, ilgʻor gʻoyalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashildi hamda ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Botir Madiyorov, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring