Fargʻonada doʻstlik forumi: qardoshlik, hamjihatlik va tinchlik tantanasi
Avval xabar berilganidek, 29-31-mart kunlari Fargʻona viloyatida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Doʻstlik forumi” doirasida rang-barang mavzularda maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar hamda bayram tantanalari boʻlib oʻtdi.
Forum ishtirokchilari Oʻzbekiston tumanida joylashgan “Doʻstlik stelasi” poyiga anvoyi gullar qoʻyib, oʻtgan yili 31-mart sanasida uch qardosh mamlakat rahbarlari tashabbusi bilan ochilgan majmuada samimiy suhbatlashishdi.
Shu kuni Fargʻona shahridagi Qirguli mavzesida joylashgan “Doʻstlik uyi” roʻparasidagi fayzli xiyobonda teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi. Musiqiy dasturda qardosh xalqlarga xos ezgu qadriyatlar tarannum etilib, millatlararo doʻstlik, tinchlik va farovonlik barqaror boʻlishi uchun eng yaxshi tilaklar bildirildi. Tadbir qatnashchilari “Doʻstlik uyi”da turli millat va elatlarning hunarmandchilik, milliy taomlar va liboslar koʻrgazmasi hamda xalq amaliy sanʼati namunalari bilan yaqindan tanishdilar.
Ayni paytda bu yerda 8 ta milliy madaniy markaz – tojik, qirgʻiz, turk, koreys, nemis, tatar, slavyan va yahudiy markazlari samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Yuzma-yuz muloqotda har bir markaz vakillari oʻz millatiga xos urf-odatlar va qadriabad anʼanalarni badiiy chiqishlar orqali namoyish etishdi.
— Fargʻona shahridagi etnogastronomik koʻchada tashkil etilgan koʻrgazma va konsert dasturi ham barchaga juda manzur boʻldi, — deydi Respublika qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov. — Eʼtiborlisi, bizning nafaqat orzu-maqsadlarimiz, balki sevimli taomlarimiz, mehmondoʻstlik qadriyatlarimiz ham oʻzaro mushtarak. Bunday tadbirlarda bir-birimizni tushunishimiz uchun bizga tarjimon kerak emas.
Fargʻona davlat universitetida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiya “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon doʻstligining yangi davri” mavzusiga bagʻishlandi. Ilmiy-amaliy anjumanda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Ozarbayjondan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar hamda yurtimiz vakillari qatnashdilar.
Tadbir davomida bir guruh faollarga Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita tomonidan “Xalqlar doʻstligi” koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
— Bunday eʼtibor va ragʻbat yangi-yangi ilmiy yutuqlar sari ragʻbatlantiradi, — deydi Fargʻona davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi, filolog olim Hayotjon Boyboboyev. — Ilmiy ishim mavzusi qardosh xalqlar mentalitetiga xos urf-odatlarni ham qamrab olishi sababli qirgʻizistonlik olimlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganman. Ishonamanki, bu borada olib borayotgan ilmiy hamkorligimiz yaqin istiqbolda oʻz samarasini beradi.
Fargʻona davlat universitetida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya dasturiga koʻra, turli sohalar boʻyicha professor-oʻqituvchilar, olimlarning oʻzaro tajriba almashishi, ilm-fan yangiliklari va hamkorlik istiqbollari mavzusidagi qizgʻin suhbatlar alohida-alohida yigʻilishlar tarzida davom etdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring