Fargʻonada 11 oyda suv, gaz, elektr boʻyicha 5 ming 705 ta qoidabuzarlik aniqlandi
Yoqilgʻi-energiya resurslarini ishlatishda noqonuniy holatlarini bartaraf etish orqali energiya samaradorligini oshirish hamda isteʼmolchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gaz xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash doimiy ustuvor vazifadir.
— Prezidentimizning joriy yil 13-fevral kungi “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda ichimlik suvi isteʼmoli qoidalarini buzish orqali talon-toroj qilish jinoyat sifatida belgilandi, — deydi “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ boʻlim boshligʻi Alisher Xolmatov. — Shuningdek, 2023-yil 13-mart kuni “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “d” va “ye” bandlari bilan toʻldirilib, jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan foyda yoki daromad olish maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki ichimlik suvi tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish, hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini oʻzgartirish kabi holatlar jinoyat sifatida baholanishi koʻrsatib oʻtildi.
Ayni yoʻnalishdagi nazorat tadbirlari mobaynida shu yilning oʻtgan 11 oyi davomida viloyat hududida 5 ming 705 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Afsuski, buning natijasida jamiyat manfaatlariga 44 mlrd. 411 mln. soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlandi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring