Fargʻona vodiysida nodir qalqonli gekkonchani muhofaza qilish dolzarb masalaga aylanmoqda

10:21 30 Yanvar 2026 Jamiyat
333 0

Fargʻona vodiysi mamlakatimizning tabiiy va biologik jihatdan alohida ahamiyatga ega hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hududda saqlanib qolgan nodir hayvonot dunyosining muhim va noyob vakillaridan biri — qalqonli gekkoncha (Alsophylax loricatus) soʻnggi yillarda yoʻqolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Mutaxassislar taʼkidlashicha, ilgari Fargʻona vodiysi hududida nisbatan keng tarqalgan ushbu turning populyatsiyasi hozirgi kunda keskin qisqargan.

Qalqonli gekkoncha Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Qizil roʻyxatiga yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tur (Vulnerable) sifatida kiritilgan. Ayniqsa, noqonuniy karyerlar faoliyati ushbu jonivorning tabiiy yashash muhitiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Qum va shagʻal qazib olish natijasida yer qoplami buzilib, tabiiy landshaftlar qisqarayotgani, mayda jonivorlarning yashash makonlari yoʻqolib borayotgani kuzatilmoqda.

Ayni paytda qalqonli gekkoncha asosan Yozyovon choʻllari, qum-barxanlar hududida uchraydi. Ayrim hollarda aholi xonadonlaridagi eski binolar, tashlandiq joylar, paxsali uylar va chordevorlarda ham kuzatilishi mumkin. Katta yoshdagi aholi vakillari ilgari bunday jonivorlarni koʻp uchratishganini eslab oʻtishmoqda, bu esa turning avvalgi keng tarqalganini koʻrsatadi.

Qalqonli gekkoncha, asosan, yer yuzasiga yaqin joylarda — xarobalar, eski inshootlar va ariq boʻylarida yashaydi. Shu bois mazkur hududlarda olib borilayotgan nazoratsiz qazish ishlari uning soʻnggi saqlanib qolgan yashash makonlarini ham yoʻq qilib yubormoqda.

Afsuski, ekologik tahdidlar bilan bir qatorda, jamiyatda mavjud ayrim notoʻgʻri qarashlar ham ushbu turning qisqarishiga sabab boʻlmoqda. Ayrim fuqarolar kaltakesaklarni asossiz ravishda “yoqimsiz” yoki “zararli” deb baholab, ularni oʻldirishga moyillik bildirishadi. Vaholanki, mutaxassislar taʼkidlashicha, qalqonli gekkoncha inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz jonivor hisoblanadi. Aksincha, u kasallik tarqatuvchi mayda hasharotlar bilan oziqlanib, sanitar-epidemiologik barqarorlikni saqlashga hissa qoʻshadi.

Shu bois tabiatni asrash, jonivorlarga sababsiz zarar yetkazmaslik nafaqat ekologik, balki maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizga ham mos keladi. Qalqonli gekkoncha Fargʻona vodiysi ekotizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu turning yoʻqolishi biologik xilma-xillikning kamayishiga, zararli hasharotlar sonining ortishiga va tabiiy muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, qalqonli gekkoncha — Fargʻona vodiysi tabiati uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan nodir jonivordir. Uni asrab-avaylash biologik xilma-xillikni saqlash, tabiiy muhitni muhofaza qilish hamda kelajak avlodlar uchun sogʻlom ekotizimni taʼminlash yoʻlidagi muhim vazifalardan biridir.

Gulnoza TOʻXTASINOVA,

Fargʻona viloyati ekologiya va iqlim oʻzgarishi

bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер