Fargʻona “Raqamli mahalla” platformasi orqali muammolarni onlayn yuborish imkoniyati yaratildi

10:06 17 Mart 2026 Jamiyat
336 0

Bu yildan Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi tomonidan aholining huquqiy muammolarini hal etish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Huquqiy mahalla” loyihasini amalga oshirishning yangi tizimi ishlab chiqildi.

— Yangi tizim hududlar kesimida huquqiy muammolarni tezkorlik bilan aniqlash va qisqa vaqtda hal etish imkonini beradi, — deydi Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi Abdulhamid Omonov. — Natijada hamyurtlarimizning adliya organlariga onlayn murojaat qilish imkoniyati kengayadi. Oʻz navbatida xodimlarimizning “mahalla yettiligi” bilan oʻzaro hamkorligi yaxshilanadi.

Taʼkidlash oʻrinliki, avval “Onlayn mahalla” platformasi orqali faqat hokim yordamchilari tomonidan huquqiy muammolarni yuborish imkoniyati mavjud edi. Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar samarasi sifatida endilikda yangi tashkil etilgan “Raqamli mahalla” platformasi orqali mahalla raislari ham adliya organlariga oʻz hududidagi huquqiy muammolarni elektron tarzda yuborishi mumkin.

Ayni jarayondagi ishlar tufayli oʻtgan yili Fargʻona viloyatidagi 228 ta mahallada “Huquqiy mahalla” loyihasi toʻliq amalga oshirildi. Qariyb 175 mingta xonadon qamrab olinib, aholining notarial harakatlarni amalga oshirish, pensiya va ijtimoiy nafaqa toʻlovlari, uy-joy va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, aholi bandligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash singari oʻndan ortiq eng muhim hayotiy masalalar boʻyicha 145 mingdan koʻproq murojaatlari koʻrib chiqildi hamda ijobiy hal etildi.

Xususan, 10 mingdan ziyod fuqaroga bepul dori-darmon yetkazib berilib, ularning bunday imtiyozni olishga boʻlgan qonuniy huquqi tiklandi. Viloyat miqyosida aholining ichimlik suvidan 300 million soʻm va chiqindi tashish xizmati uchun 20 million soʻm noreal qarzdorligi bekor qilindi. Shuningdek, 1,5 ming nafardan koʻproq shaxsga qonunchilikda belgilangan, biroq turli sabablarga koʻra amalda tatbiq etilmay kelinayotgan soliq imtiyozlari qoʻllanishi taʼminlandi va hokazo.

Umuman olganda, “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, aholining buzilgan huquqlarini tiklash hamda ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlarni qoʻllash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga 322 ta taqdimnoma hamda 227 ta daʼvo arizasi kiritildi.

“Adliya-mahalla” “Onlayn mahalla” platformalari orqali 22,7 mingta murojaat qabul qilinib, huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер