Ezgu anʼanaga amal qilib...

20:03 07 Mart 2022 Jamiyat
828 0

Foto: Халқ сўзи

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Sirdaryo viloyatida munis onaxonlar, aziz opa-singillarni qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etish bilan bir qatorda eʼtiborga muhtoj xotin-qizlar holidan xabar olinmoqda.

Sirdaryo viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligida viloyat, tuman, shahar sektorlari rahbarlari Yangiyer shahridagi “Muruvvat” ayollar internat uyiga tashrif buyurdi.

Bemorlar hamda muassasa shifokorlariga sovgʻalar, zarur anjomlar, gigiyenik vositalar topshirildi. Bayram dasturxoni yozildi. Mehmonlar maskandagi shart-sharoitni koʻzdan kechirib, bu yerdagi ayollar bilan dildan suhbatlashdi.

— Soʻnggi yillarda viloyatimizda bunday maskanlarga homiylik qilish anʼanaga aylanib ulgurdi, — dedi Gʻ. Mirzayev. — Eʼtiborga muhtojlarga saxovat koʻrsatgan, holidan xabar olib turgan borki, u xoh rahbar boʻlsin, xoh tadbirkor yoki fermer, avvalo, cheksiz savob olish bilan bir qatorda fikri yanada teranlashadi, hayot haqidagi qarashlar, tasavvurlar butkul oʻzgaradi. Shu sababli ezgu anʼanani doimiy davom ettirishimiz kerak. Qilayotgan amallarimiz yoshlarni mehr-oqibatli qilib tarbiyalashda ham juda asqatadi.

Taʼkidlash joizki, 1994-yildan buyon faoliyat yuritayotgan ushbu “Muruvvat” uyida ayni paytda 160 nafar turli yoshdagi xotin-qizlar statsionar tartibda davolanadi. 6 nafar malakali shifokor va 27 nafar hamshira, tajribali psixolog va boshqa soha mutaxassislaridan iborat boʻlgan fidoyi jamoa ularning xizmatida. Bu yerda surat chizish, qoʻl mehnati hamda sport bilan shugʻullanish imkoniyati ham yaratilgan.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер