Estoniya bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi
Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev Estoniyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Toomas Tirs boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Estoniya savdo sanoat palatasi rahbari Margus Ilyamrov, Siilamyaye portining tijorat direktori Mixel Yuriko, “Autolink” kompaniyasi temir yoʻl boʻlimi boshligʻi Yan Tolokonnikov ishtirok etgan uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama etishdi.
Estoniya tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish maqsadida katta biznes-missiyasi bilan yurtimizga tashrif buyurganini qayd etib oʻtdi.
Xususan, Estoniya mamlakatlarimiz oʻrtasida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, temir yoʻl transporti mutaxassislarini oʻqitish, logistika xizmatlari koʻrsatishni raqamlashtirish yoʻnalishida ishlashga katta qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Estoniya portlaridan samarali foydalanish orqali yuk tashuvlar hajmini oshirish imkoniyatlari muhokama etildi. Xorijiy tomon portlari vakillari oʻzlarining infratuzilmaviy imkoniyatlari boʻyicha taqdimotlar oʻtkazishdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring