Yerdan noqonuniy foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi

10:46 12 Iyul 2024 Jamiyat
294 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizning har bir qarich yeri hisobli. Qonunchilikda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallaganlik, ulardan xoʻjasizlarcha foydalanganlik va yer hisobini yuritishdagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Fuqaro Abdullajon Qobilov Boʻston tumani “Yangi turmush” massividagi “Andijon agropilla” MCHJga qarashli tutzorning bir chetida bino barpo etib, yer maydonidan oʻzboshimchalik bilan foydalangan.

— 70 sotix tutzorda mehnat qilaman, — deydi Abdullajon Qobilov. — Maydonning bir chetiga bino qurgandim, tegishli idora vakillari bu noqonuniy ekanini aytishdi. Hozirda binoni buzib, tutzor barpo etishga kirishdim.

Ulugʻnor tumanida istiqomat qiluvchi Baxtiyorjon Jakbarov oʻzi istiqomat qilayotgan “Oq oltin” massividagi hovlisining chegara hududini besh metrga kengaytirish orqali qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan yer maydonini oʻzlashtirib olgan. Bu qonunbuzarligi tushuntirilib, poydevor buzib tashlandi.

— Joriy yilda tumanimizda yer maydoni bilan bogʻliq 189 ta holatda 73 gektar maydon oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi, — deydi kadastr agentligi Ulugʻnor tumani boʻlimi boshligʻi Diyorbek Isoqov. — Shundan, 44 gektari fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. 29 gektari yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sud qaror chiqarildi.

Yer toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini koʻzlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanishdan iborat. Undan amaldagi tartiblarga rioya etgan holda foydalanish fuqarolik burchimiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер