Yer uchastkalari boʻyicha qaror chiqarish hokimlardan mahalliy Kengashlarga oʻtkaziladi

09:13 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
1374 0

Mamlakatimizda har qaysi xususiy mulkdorning qonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritgan mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini taʼminlaydigan ishonchli kafolatlar tizimi yaratilgan. Ayniqsa, mulkka erkin egalik qilish tamoyilini mustahkamlash boʻyicha koʻplab huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Amaldagi qonun hujjatlari, xususan, Yer kodeksining 16-moddasida yer davlat mulki — umummilliy boylik ekanligi, undan oqilona foydalanish zarurligi va u davlat tomonidan muhofaza etilishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Sohaga oid qabul qilingan Prezident qaror va farmonlari tadbirkorlik, fermerlik va xususiy biznes vakillarining imkoniyatlarining kengayishiga muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Mulkdor huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi borada yangi bosqichni boshlab berishi, shubhasiz.

Inchunun, 2018-2019-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish natijalarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha rasmiy organlardan 526 ta daʼvo arizasi kiritilgan. Ularning 250 tasi qanoatlantirilib, mulklar davlat ixtiyoriga qaytarilgan. Ana shunday holatlarni tartibga solish, xususiy mulk daxlsizligini yana-da kuchaytirish maqsadida amaldagi qonunga oʻzgartishlar kiritish taklif qilinmoqda.

Mazkur hujjat mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgani bilan katta ahamiyatga egadir. Zero, qonun loyihasida yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, umuman, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish boʻyicha vakolatlarini qisqartirish masalalari oʻz aksini topgan.

Qonun loyihasida korxonalarni (tashkilotlarni) davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligini nazarda tutuvchi normalar ham belgilangan. Shu bilan birga, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari va Yer kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Ahamiyatli tomoni, ushbu loyiha bilan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish vakolati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berilmoqda. Bu oʻz navbatida, soʻnggi vaqtlarda xususiy mulk va yer uchastkalari masalasida fuqarolar va mahalliy ijro hokimiyati oʻrtasida yuzaga kelayotgan turli xildagi ziddiyatlarga barham beradi.

Umuman olganda, qonun loyihasining qabul qilinishi mulkdorlar huquqlarini, ularni mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qiladi. Boshqacha aytganda, yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining oʻrni toʻliq qoplanishi hamda mulkdorlarning davlatga va uning organlariga boʻlgan ishonchi ortishi taʼminlanadi.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер