Yer silkinishidan ogohlantirgan Google zilzilani prognoz qilish usuli emas, u seysmik toʻlqinlarni tarqalishi bilan bogʻliq jarayonni uzatish tizimi
AOKAda oʻtkazilgan brifingda Seysmologiya instituti direktori oʻrinbosari Vohidxon Ismoilov zilzilani oldindan aniqlash yoʻnalishidagi ishlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan maʼlumot berdi.
Android qurilmasidan foydalanuvchi Oʻzbekiston aholisi 21-mart soat 21:47 da Afgʻoniston hududida sodir boʻlgan kuchli zilzilaning seysmik tebranishlar toʻgʻrisida ilk bor erta ogohlantirish tizimi orqali maʼlumotlar olishdi. Baʼzi bir insonlar seysmik tebranishlardan 1 daqiqa oldin, baʼzilar esa bir necha soniya oldin zilzila toʻgʻrisida xabardor boʻlishdi. Bu xabar ilk bor boʻlganligi sababli aksariyat aholi oʻrtasida tushunmovchiliklarga va eʼtiborsizliklarga olib kelgan boʻlsa, baʼzi bir insonlarda esa kuchli vahima va qoʻrquvlarga sabab boʻldi.
Google kompaniyasi tomonidan 2020-yili ishlab chiqilgan va Android tizimiga oʻrnatilgan zilzila toʻgʻrisida erta ogohlantirish dasturi ilk bor AQSHning Kaliforniya shtatida sinovdan oʻtgan dastur hisoblanadi. Shundan boshlab Google kompaniyasi zilzilani erta ogohlantirish tizimini jahon tizimiga aylantirish boʻyicha ishlamlarni olib bordi va Android qurilmasida ishlayotgan mobil telefonlarning jahon toʻrida seysmik tebranishlari haqida erta maʼlumotlar olishi imkoniyati yaratdi.
Albatta bu gʻoya yangilik emas, chunki Yaponiya hududi uchun zilzilalarni erta ogohlantirish tizimi Yaponiya metereologik agentligi tomonidan yaratilgan va qoʻllanib kelinmoqda. Xuddi shunday mintaqaviy tizim Meksikada, Xitoyda, Tayvanda, Italiyada, Ruminiyada va boshqa davlatlarda ham qoʻllanilmoqda. Lekin Google kompaniyasi yaratgan mobil dastur butun jahonni qamrab olish imkoniyatiga ega.
Yaratilgan erta ogohlantirish tizimining asosiy afzalligi bu barcha mobil foydalanuvchilariga qisqa vaqtda kutilayotgan seysmik toʻlqinlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni yetkazishdir.
Shuni taʼkidlash kerak Google tizimi bu zilzilani prognoz qilish usuli emas, balki zilzila sodir boʻlgandan soʻng seysmik toʻlqinlarni tarqalishi bilan bogʻliq jarayon uzatish tizimidir. Uning negizida zilzila oʻchogʻidan tarqalayotgan boʻylama va koʻndalang toʻlqinlarni maʼlum bir hududda vaqt birligidagi farq yotadi.
Zilzila oʻchogʻidan tarqalgan boʻylama toʻlqinning yaqin atrofdagi seysmik stansiyalarda qayd qilingandan soʻng 3 soniyada zilzila toʻgʻrisidagi maʼlumot, yaʼni oʻchoqning chuqurligi, zilzila kuchi, oradagi masofa, Google tizimi orqali dunyoga tarqaladi. Koʻndalang tebranishlar fizik mohiyati boʻyicha talafotli tebranishlar boʻlganligi sababli, uning yetib kelish vaqtini qanchalik erta bilsak bir muncha xavfsizlikni taʼminlagan boʻlamiz.
Xitoy tadqiqotchilarining bergan maʼlumotga koʻra erta ogohlantirish tizimi joriy qilinganda 3 soniya ichida shikastlanishlarni 14 foizga, 10 soniyada jarohatlanish va qurbonlarni 39 foizga va 20 soniyada 63 foizga qisqartirishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, zilzilani erta ogohlantirish tizimini mavjudligi seysmik xavfsizlikni taʼminlashning samarali yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra Yaponiya aholining 65 foizi erta ogohlantirish tizimidan samarali foydalanishar ekan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring