Yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallashga yoʻl qoʻyilmaydi

10:39 30 Iyul 2025 Jamiyat
213 0

Andijon tumanida yashovchi Fayzullo Ahmedov oʻziga biriktirilgan 10 sotix yerdan foydalanish imkonini qoʻlga kiritdi-yu, niyati buzildi. Aslida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish orqali daromad topishi koʻzda tutilgan boʻlsada, u maydon atrofiga devor urib, hatto ikki xonali uy ham barpo etdi. Vaholanki, bu — qonunga mutlaqo zid.

— Andijon viloyatida joriy yiling birinchi yarmida bu kabi 3588 ta holatda 71,8 gektar yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi, — deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Fayoziddin Berdiqulov. — Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 3230 ta holatda yer maydonlari asl holatiga qaytarildi. Hozirda 101 ta holat sud tartibida koʻrib chiqilgan boʻlib, 75 tasida jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan. Shu bilan birga, 4496 nafar huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va qonun doirasida choralar koʻrilmoqda.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, hududda oʻzlashtirilgan 71,8 gektar yer maydonidan oʻrinli foydalanilsa 7-8 milliard soʻmlik qishloq xoʻjalik mahsuloti yetishtirish mumkin edi. Ushbu raqamning oʻziyoq noqonuniy xatti-harakatlar nechogʻli salbiy oqibatlarga olib kelishidan dalolatdir.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер