Endi oʻz uyimiz, muqim manzilimiz bor

15:56 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
464 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimiz Bojxona tizimini rivojlantirish, zamonaviy ilgʻor texnologiyalarga asoslangan servis xizmatini shakllantirish, postlararo tezkor axborot almashishni yoʻlga qoʻyish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda aynan davlatimiz rahbari ilgari surayotgan taklif va mulohazalarning oʻrni beqiyosdir.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni hamda bojxona tizimini yanada isloh qilishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi, aynan, Bojxona xizmati xodimlari, tadbirkorlar bilan oʻtkazilayotgan ochiq muloqotlar jarayonida ilgari surilayotgan tashabbus va gʻoyalar ijrosi bojxonachilar xizmati va hayotiga yangi shukuh olib kirmoqda.

Birgina ushbu tarixiy hujjat qabul qilingandan soʻng, Bojxona qoʻmitasi rahbariyati uning ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlarni amalga oshirdi. Bojxonachilarning ijtimoiy muhofazasi yangi bosqichga koʻtarildi. Soha xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash, zaruriy kreditlar ajratish, ularning farzandlari oliy oʻquv yurtlariga kirishida tegishli kvotalar ajratish, xodimning oʻzi va oila aʼzolari salomatligini yaxshilash uchun mablagʻlar yoʻnaltirish kabi imtiyozlar paketi shakllantirildi.

“Bojxona boshqa davlat idoralariga namuna boʻlishi kerak”, – degandi davlatimiz rahbari. Shuningdek, bojxona tizimini “korrupsiyadan xoli” dastur bilan taʼminlashlikni ham taʼkidlagandi. Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi tizimida ham ushbu ulugʻvor vazifalar ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilgan tizim yoʻlga qoʻyildi. Chegara-bojxona postlarida infratuzilmani yaxshilash, yoʻllarni taʼmirlash, oʻtish postlari atrofini koʻkalamzorlashtirish, manzarali daraxt va gullar bilan burkangan obod hududga aylantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Sohani korrupsiyadan xoli qilish uchun komplayens tizimi yaratilmoqda. Bojxona xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish, xodimlarni ochiq tanlov asosida ishga olish yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasining moddiy yordam, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bojxona organlarini rivojlantirish va kutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xodimlarni ijtimoiy himoyalash quyidagi shakllarda amalga oshirilmoqda. Bular — uy-joy sotib olish yoki turmush sharoitini yaxshilash uchun besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga BRVning ming baravarigacha boʻlgan foizsiz ssuda berishdan iboratdir.

— Xizmat vazifamni 2008-yilda oddiy xodim sifatida boshlaganman. Oʻshanda serjant unvoniga ega edim, — deydi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Oybek” chegara bojxona posti katta nazoratchisi, bojxona xizmati mayori Eldor Halilov. — Yillar davomida ijara uylarida yashadik. Uydan-uyga koʻchish, muayyan tulovlar, manzilni almashtirganingda bolalar uchun maktabgacha taʼlim muassasasi va maktabni ham boshqasiga koʻchirishga toʻgʻri kelardi. Bunday sarsongarchiliklar albatta xizmat jarayoniga salbiy taʼsir qiladi. Davlatimiz rahbarining sohadagi mana shunday nozik jihatlarni ham anglanganligi tufayli bugun xodimlar ijtimoiy muhofazasiga yangicha tamoyillar kirib keldi. Uy-joyga muhtojligim sababli, bir nechta banklarga borib uy-joy kreditlarni surishtirib yurgan edim. Toʻgʻrisini aytganda, oxirgi paytlarda uy-joyli boʻlishga umidim ham soʻngandi. Bojxona qoʻmitasi tomonidan, subsidiya ajratilganida nafaqat oʻzim, mening oilam, ota-onam ham benihoya mamnun boʻlishdi. Har doim Prezidentimizni eʼtibori va gʻamxoʻrligi ostida ekanligimni his qildim. Hayajondan koʻzlarimga yosh keldi. Axir, bu kunni oilamiz bilan oʻn besh yil kutdik. Endi oʻz uyimiz, muqim manzilimiz bor.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер