Endi har bir koʻchatning egasi boʻladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Andijon shahridagi “Bogʻi Bobur” madaniyat va istirohat bogʻida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olgan viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov koʻchat ekish majburiyat emas, qadriyatlarimiz ifodasi ekanligi haqida fikr bildirdi. Shundan soʻng mavsumga start berildi. Anjumanda ishtirok etgan keng jamoatchilik vakillari shu kuni “Bogʻishamol” adirliklarida koʻchat ekish jarayonida ishtirok etdilar.

— Joriy mavsumda viloyat boʻyicha 6,5 million tup koʻchat ekish rejalashtirilgan,—deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomuddinov. –Buning uchun oʻndan ziyod fermer xoʻjaliklarida hudud iqlimiga mos boʻlgan 34 turdagi 8,5 ming tup koʻchat zaxirasi tayyorlandi.

Tadbirda maʼlum qilinishicha, endi har bir ekilgan koʻchatning oʻz egasi boʻladi. Demak, bugun ekilgan nihol ertaga daraxt boʻlishi uchun yetarli zamin yaratilmoqda. Buning uchun koʻchat ekish mumkin boʻlgan har qanday maydon fuqarolarga taqsimlab beriladi. Qolaversa, mutaxassislar tomonidan muntazam nazorat oʻrnatiladi va ularning agrotexnik qoidalari asosida parvarishlanishiga eʼtibor qaratiladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring