Endi baralla aytaman: otam — oddiy oʻqituvchi!
“Muallimning noni qattiq”. Bolalikdan shu gapni eshitib ulgʻaydim. Nega nonimiz qattiq boʻlarkan, ana, yumshoq-ku, derdim bolalarcha oʻz xayolimda.
Dadam oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi. Qishloqdoshlarim tili bilan aytganda, Xudoyberdi malim (shevada). Agar esimni uch yoshimda tanigan boʻlsam, oʻsha paytdan oʻqituvchining noni qattiqlasha bordi chamamda. Mustaqillikning ilk yillarida esa bu non qattiqlikda poʻlatga tenglashdi-yov. Olti oylab kechikkan urvoqday maoshlar, moddiy yetishmovchiliklar, buning zamirida paydo boʻlgan tibbiy-ijtimoiy muammolar ichida dadam bir etak bola, joʻjabirday jon, kaftdek hovli va hech qanday qoʻshimcha daromadsiz yumshoq suyagimizni qotirdi.
Oʻsha ogʻir yillarda qancha-qancha erkak oʻqituvchilar tirikchilik va tiriklik vaji bilan oʻz sevgan kasbidan voz kechdi. Dadam ham maktabdagi ishdan soʻng kolxoz ajratgan yerga tamaki ekar, pilla boqar, kichkinagina hovlimizda dehqonchilik qilar edi. Mehnatning aybi yoʻq, albatta. Ammo oʻsha paytda mehnatni sharaf deb bilganimizdan emas, azbaroyi tirikchilik uchun, hayot-mamot majburiyatidan asalariday ishga yopishardik.
Yillar oʻtdi. Yuqori sinf oʻquvchisi boʻlib shuni tushundimki, tinmay oʻqishim, institutga kirishim kerak ekan. Oʻylardimki, institutga kirgach, hamma muammolar hal boʻladi. Institutga kirib angladimki, oʻqituvchi nomini oqlash hammaga ham nasib etgan neʼmat emas ekan. Qanchalar gʻayrat bilan oʻqimay, baʼzi fanlardan adolatsizlikka duch keladigan boʻlsam, toʻgʻri oʻsha kafedra mudirining oldiga kirardim. Doimo bitta savol oldida gʻazabim qoʻzirdi:
- Otang nima ish qiladi?.
- Otam oʻqituvchi.
Mudirning yuzi tirishardi.
- Demak, otang oddiy oʻqituvchi, shundaymi?
Gʻazabim qoʻzib:
- Ha, xuddi sizga oʻxshagan oddiy oʻqituvchi, - deb javob berardim. Oqibatda menga “bundayroq” baho nasib qilar, aʼlo bahoni esa otasi oddiy oʻqituvchi boʻlmaganlar olardi.
Avval bakalavriatura, keyin esa magistraturani tugatdim. Nihoyat oʻn yillik tibbiy taʼlimdan soʻng ish izlayapman. Qaysi tashkilot eshigini qoqmay, yana oʻsha “Otang nima ish qiladi?” degan savolga duch kelardim. Koʻpincha ish beruvchi tomon otam oddiy oʻqituvchi ekanligini bilgach, yuzini ters burardi. Chindan ham oʻqituvchining qadri yoʻq edi. Bir yilda bir kungina nishonlanadigan kasb bayramida ham qishloqlardagi oʻqituvchiyu murabbiylarni paxta dalasidan topardingiz.
Dadam tabiatan bosiq inson. Koʻp ham hissiyotga berilmaydi. Ammo bir kuni rang-roʻyini bir alfozda koʻrib yuragim uvishdi. Keyin bilsam, oʻsha paytdagi tuman hokimi paxta masalasida dadamni haqoratlagan, “Bayramingni burningdan chiqaraman”, degan ekan. Bir kuni dadamga ergashib yangi qurilayotgan “Urgut savdo markazi”ga bordik. Kun mobaynida tuman oʻqituvchilari hokim buyrugʻi bilan bozor qurilishiga jalb qilingan edi. Shu tarzda bora-bora har qanday “qora ish”larga oʻqituvchilar jalb qilina boshlandi.
Millat oʻqituvchisini, muallimni jamiyatdagi eng qashshoq va qadrsiz kasb egalariga aylantirish tanazzulga eltishi barchaga ayon haqiqat. Mana, oʻsha chorak asr davom etgan boʻhronning hamonki jabrini tortyapmiz.
Yaxshiki, hozir oʻqituvchini koʻcha tozalashga olib chiqadigan rahbarlar yoʻq. Boʻlsa ham, endi bunga jurʼat qilavermaydi. Chunki oʻqituvchiga munosabat, eʼtibor oʻzgardi. Endi oʻqituvchining bolasi yelkasini qisib yurmaydi. “Otang nima ish qiladi?”, degan savolga xuddi mendek “Otam- oʻqituvchi” deb baralla aytadi.
Orifjon KOMILOV, Urgut tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring