Elchixonalar qabuliga onlayn yozilish imkoni yaratildi
Illyustrativ foto
Xorijda yashayotgan yoki vaqtincha boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari endilikda konsullik xizmatlaridan foydalanishda soatlab navbat kutishiga majbur boʻlmaydi. Endi ular Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali mamlakat elchixonasi yoki konsulligi qabuliga oldindan onlayn tarzda yozilishlari mumkin. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, endilikda konsullik xizmatlaridan foydalanishda barchasini my.gov.uz orqali hal qilish mumkin.
Xizmatdan foydalanish uch bosqichda amalga oshiriladi: dastlab my.gov.uz portaliga kirib, “Elchixona (konsullik) qabuliga yozilish” xizmati tanlanadi. Shundan soʻng konsullik okrugi va kerakli xizmat turi koʻrsatilib, taqvim orqali qulay sana va vaqt tanlanadi. Yakuniy bosqichda elektron navbat taloni avtomatik rasmiylashtiriladi.
Taʼkidlanishicha, mazkur xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul hisoblanadi.
“Xorijda boʻlsangiz ham my.gov.uz yordamida davlat xizmatlaridan onlayn foydalaning!” deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring