Eksport koʻlami 5 million dollarga yaqinlashdi
Orolboʻyida pandemiya davrida karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, sifatli mahsulot ishlab chiqarayotgan hamda tashqi bozorlarda oʻzining munosib oʻrnini egallayotgan oʻndan ziyod korxona mavjud.
Qonlikoʻl tumanidagi “KANTEKS INVEST” masʼuliyati cheklangan jamiyati ana shunday yirik subyektlardan biri. Xorijning zamonaviy ilgʻor texnologiyalari bilan taʼminlangan mazkur jamoa joriy yil boshidan buyon 4 million 945 ming AQSH dollarilik 2103 tonna kalava ip eksportini amalga oshirdi.
— Hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik subyektlariga yaratib berilayotgan keng imtiyoz va qulayliklar faoliyatimiz rivojida muhim omil boʻlmoqda, — deydi korxona direktori Quvondiq Yeshmuratov. —Xususan, yaqinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Qoʻngʻirot” tashqi aloqalar bojxona posti xodimlari korxonamizda boʻlib, mahsulot eksporti koʻlamini yana-da oshirish boʻyicha qimmatli maslahatlarini berishdi. Bunday qulayliklar mamlakatimizga valyuta kirimi, qolaversa, yangi ish oʻrinlari koʻpayishiga ham xizmat qilmoqda.
Hidoyat AHMEDOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring