Dunyoning eng bilimdon yoshlari Namanganda bellashadi
Jonajon yurtimiz qadimiy sivilizatsiyalar beshigi, buyuk allomalar vatani sifatida jahon eʼtiborini tortmoqda. Ikkinchi bor tashkil etilayotgan Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasiga manzil etib goʻzal va betakror, gullar shahri Namanganning tanlangani ham buning yana bir isbotidir. Joriy yilning 20-27-aprel kunlari boʻlib oʻtadigan jarayonlarda butun dunyo boʻylab eng iqtidorli yoshlar oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazadi. Olimpiadada Turkiya, Tailand, Malayziya, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston jamoalari ishtirok etadi. Unga xorijiy ekspertlar, yetuk olimlar, professor — oʻqituvchilar ham jalb qilingan.
— Nufuzli tadbirning birinchisi Buxoro shahrida katta muvaffaqiyat bilan oʻtkazilgan edi, — deydi Namangan viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sohibjon Ergashev. — Viloyatimizda tashkil etiladigan bellashuvlarga ham undan kam boʻlmagan darajada hozirlik koʻrilmoqda. Olimpiada maskani — Turon xalqaro universiteti binolari bilimlar sinovi uchun har jihatdan shay qilib qoʻyildi.
Tashkilotchilar tadbir mehmonlari uchun madaniy dastur ham tayyorlab qoʻyishgan. Ular gullar shahrining diqqatga sazovor manzillari, mahalliy aholining oʻziga xos urf-odatlari bilan tanishtiriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring