Dunyoni mehr asraydi
Иллюстратив фото
Nuroniylar hayotimiz fayzi, farishtasi. Bunday insonlar umrguzaronlik qiladigan xonadonlardan hech qachon mehmon qadami uzilmaydi. Fayzli dasturxon atrofida, bir piyola choy ustida piru badavlat insonlar bilan suhbatlashsangiz, ularning har bir soʻzi, oʻgiti hayot maktabi. Tiyrak nigohli, keng feʼlli keksalarning suhbati xuddi novvot choyga oʻxshaydi: xoʻplab, sipqorib toʻymaysiz!
Bolaligimizda erta koʻklamda koʻm-koʻk maysalar ustida bobo-buvilarimizdan ertaklar, rivoyatlar eshitish jonu dilimiz edi. Sheʼrxonlik, gʻazalxonlik kechalari zavqi, shukuhi hamon yodimizda. Bizning nazarimizda xat-savodi boʻlmagan buvilarimiz mumtoz shoirlarimiz gʻazallarini yoddan qoyilmaqom tarzda aytib berishardi.
Bobodehqonlar umid bilan yerga urugʻ qadash taraddudiga tushganda, daraxtlar qish uyqusidan uygʻonib, borliqda muzaffar hayot nafasi barq urib yashnay boshlaganida mahalla ahli jam boʻlib, doshqozonda sumalaklar solardi. Bahor taomlari tayyorlanib, eng avvalo, bemor, yakka yolgʻiz nuroniylarga tarqatilardi. Bu ishda boʻz bolalar beminnat dastyor edik.
Mahallamiz nuroniylari xonadonlariga kirib borar ekanmiz, ular mehr bilan boshimizni silashar, kissamizni qand, mayiz, oʻrik turshagi bilan toʻldirishardi. Qoʻllarini duoga ochib, rosa ezgu niyat qilishlaridan sevinib yettinchi osmonda uchganmiz. Shuning uchun kunda kunora uyda issiq non yopilganda buvilarimiz alohida oq durralarga oʻrab, ulugʻ yoshli qoʻni-qoʻshnilarga berib kelishni tayinlaganida bizdan baxtli odam yoʻq edi.
Bugun mulohaza qilib koʻrsak, bunday yoʻqlovlardan maqsad shunchaki qorin qaygʻusi boʻlmagan. Chunki bir burda non yoki yarim kosa obiyovgʻon bilan keksalarning qorni toʻygan. Bu mehr-oqibatning yorqin ifodasi edi. Bir qarashda oddiy, lekin juda ham hayotiy falsafa. Bugun bu boradagi baʼzi anʼanalar eskirdi, lekin mehr-oqibat tushunchalari hech qachon eskirmaydi.
Yaxshiki, xayol bor. U sizni bir zumda yettinchi osmonda sayr qildiradi. Baʼzan shirin xotiralar ogʻushida bolalik davriga qaytamiz. Dunyoning dardu tashvishlari boʻlmagan begʻubor bolalikni esga olishning oʻzi zavqli. Dala uvatlaridagi jiydalar, serhosil shoxlari yerga tekkuday non behilar, zilol suvli ariqlarda oqib keladigan qirmizak olmalar, olamga va odamga oʻzgacha eʼtiborli Mehrixon ayalar, Mehrinso buvilar, qalbi yaxshilik va ezgulikka yoʻgʻrilgan donishmand bobolar…
— Bugun xalqimizga xos bunday qadriabad qadriyatlar yoʻqolib ketmasligi kerak, — deydi Fargʻona davlat universiteti professori Siddiqjon Moʻminov. — Yangi avlodlar bunday tuygʻulardan bebahra boʻlib oʻsmasligi zarur. Atrofimizga teranroq nazar tashlab, oila universitetining hayot sabogʻida beparvo boʻlib qolmaylik.
Maʼnaviyat faoli sifatida viloyatda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarida hamisha qatnashib, kelajagimiz vorislarining bu boradagi bilimi va dunyoqarashini yuksaltirishga harakat qilamiz. Ayni yoʻnalishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyat boʻlimi tomonidan alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Hayot charxpalak misoli aylanaveradi, hech qachon bir joyda toʻxtab qolmaydi. Bugun ipak qurti misoli oʻz qobigʻiga oʻralib olgan, loqayd, beparvo, faqat oʻzining dardu tashvishi bilan yashaydigan baʼzi odamlarga baland ovozda hayqirigimiz keladi: barchamiz dolgʻali zamonamizda ezgulikka intilib yashaylik. Zero, dunyoni mehr asraydi!
Botir MADIYOROV
(«Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring