Dunyodagi qochqinlar soni 80 millionga yetmoqda
Foto: tengrinews.kz
Butun dunyoda urushlar, zoʻravonliklar va taʼqiblar tufayli yashash joyini tark etganlar soni ortgan.
BMTning Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, 2019-yil oxiriga kelib ularning soni 79,5 millionga yetgan. Bu esa 2018-yilga nisbatan 9 millionga koʻp demakdir.
Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissar Filippo Grandining aytishicha, qochqinlar sonining ortishi dunyodagi nizolar hal etilmayotgani bilan bogʻliq, koronavirus pandemiyasi esa vaziyatni yana-da ogʻirlashtirgan.
“Shubham yoʻqki, qashshoqlikning ortishi, qarorlar qabul qilinmayotgani va nizolarning davom etayotgani aholining ham mintaqalar boʻylab, ham ularning tashqarisiga, jumladan, Yevropa tomonga harakatini kuchaytiradi”, – dedi u.
Dunyo boʻyicha qochqinlarni eng koʻp qabul qilgan davlatlar orasida Turkiya, Kolumbiya, Pokiston, Uganda va Germaniya bor.
BMTning Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi bunday maʼlumotlarni har yili 20-iyun – Butunjahon qochqinlar kuni arafasida eʼlon qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring