Dunyo polvonlari Namanganda bellashmoqda

18:05 09 Sentyabr 2022 Jamiyat
858 0

Foto: Xalq so‘zi

Uch ming yildan ziyod tarixga ega boʻlgan milliy sport turimiz — belbogʻli kurash bugun xalqaro maydonlarda boʻy koʻrsatmoqda. U oʻzida mardlik, halollik, jasorat singari ezgu fazilatlarni jamlagani bois koʻplab xalqlar sevib shugʻullanadigan mashgʻulotga aylangan. 2021-yilning sentyabrida Litva davlatining Vilnyus shahrida Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi tashkil etilishi bilan kurashimizning nufuzi yanada mustahkamlandi. Ayni paytda assotsiatsiyaga aʼzo davlatlar soni 18 taga yetgan. Tabiiyki, sportning ushbu turidagi musobaqalar miqyosi va geografiyasi ham muttasil kengayib bormoqda. Xususan, JBKA va Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi tashabbusi bilan oʻtgan yilning kuzida Jizzax hamda joriy yil bahorida Qoʻqon shaharlarida yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun jahon chempionatlari yuqori saviyada oʻtkazilganligi buning yaqqol tasdigʻidir. Navbatdagi shunday chempionatni tashkil etish uchun mahoratli polvonlar maskani boʻlgan Namangan viloyati tanlandi. Erkaklar va ayollar oʻrtasida ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro sport anjumaniga 9-sentyabr kuni ertalab gullar shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida start berildi.

Maʼlumotlarga koʻra, ikki kun davom etadigan musobaqalarga dunyoning 32 davlatidan 450 nafarga yaqin kurash ustalari tashrif buyurgan. Ular orasida qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan tortib, Rossiya Federatsiyasi, Moʻgʻuliston, Latviya, Estoniya, Eron sportchilarigacha bor. Kurash gilamlarida erkaklar 8, ayollar 5 ta vazn toifasida oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazadilar. Chempionat bahslarida milliy terma jamoamiz sharafini 70 nafar sara polvonlarimiz himoya qilayotir. Tarkibda musobaqa mezboni boʻlgan namanganliklar 15 kishini tashkil etadi. Bu viloyatda koʻhna va navqiron sport turiga boʻlgan eʼtibor natijasi, deb aytsak toʻgʻri boʻladi. Zero, bu yerda ajdodlar anʼanasiga sadoqat amaliy ishlarda namoyon boʻlayotgani barcha shahar va tumanlarda yaqqol koʻrinadi. Birgina Toʻraqoʻrgʻon tumanida shakllangan kurash maktabida bugungi kunda 400 nafardan ziyod iqtidorli yosh mahorat saboqlarini oʻzlashtirmoqda. Mamlakatimiz polvonlari orasida birinchilar qatorida jahon chempioni unvoniga sazovor boʻlgan Rustam Umarov ham ayni maktab tahsilini olgan kurashchilardan. Polvonlar sulolasi vakili Neʼmatjon Toʻychiyev yoshlarni tarbiyalashdagi fidoyi mehnati uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi” unvoniga sazovor boʻlgan.

— Bu galgi chempionatda Rustam Umarov bilan birga, Oybek Hamidov, Murodjon Hamidov, Abdulla Tohirov singari umidli yoshlarimiz ham gilamga tushadi, — deydi N. Toʻychiyev. — 76 kilogramm vazn toifasida kuch sinashadigan va avval ham Jahon chempioni rutbasiga ega boʻlgan polvon qizimiz Dilafruz Mamajonova, eng yosh qatnashchimiz — 18 yoshli Shirin Yoʻldoshevaga, boshqa viloyatlardan boʻlgan kurashchilarimizga ham ishonch baland.

Namangandagi bahslarda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar sportchilarining yuqori kayfiyatidan gʻalabaga boʻlgan qatʼiyatni sezib olish qiyin emas. Oʻzbek diyoridagi iliq munosabatlar, gullar shahri ahlining mehmondoʻstligi, musobaqa uchun tanlangan joydagi shart-sharoitlar ular eʼtirofiga sazovor boʻlgani shundoqqina koʻrinib turibdi.

— Osiyo chempionatida qatnashib, gʻolib boʻlganman, — deydi moʻgʻulistonlik Baxtdorj Gamsuren. — Navbat dunyoning eng kuchli kurashchilari bilan bel olishishga keldi. Nafaqat men, balki, terma jamoamizning barcha 9 aʼzosi nimalarga qodirligini koʻrsatish niyatida.

Oʻzbek gilamida kuch-quvvati va mahoratini namoyish qilishga kelgan qozogʻistonlik Nurlan oʻgʻli Bekbul, Merige Xudoyberganov, eronlik Muhammad Oberumand singari kurash ustalarining shijoatiga ham gap yoʻq.

Maʼlumot uchun, Namanganda oʻtkazilayotgan jahon chempionatining umumiy mukofot jamgʻarmasi 351 million soʻmni tashkil etadi. Bunda birinchi oʻrin sohiblarini 10 million soʻm, ikkinchi oʻrin egalarini 7 million va vazn toifasi boʻyicha uchinchi oʻringa sazovor boʻlgan polvonlarni 5 million soʻm mablagʻ bilan taqdirlash koʻzda tutilgan.

Birinchi kunning yarmida oʻtkazilgan saralash va yarim final bahslari chempionlikka daʼvogarlar nomini aniqlab berdi. Final bahslarida vazn toifalari boʻyicha mutlaq gʻolib maqomiga erishadigan 8 nafar erkak va nafar ayol kurashchi ismi sharifi maʼlum boʻladi.

Musobaqaning keyingi kuni kun tartibiga ham bellashuvlarning keyingi bosqichi bahslari, shuningdek, gʻolib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi kiritilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Foto: Rahmonjon Mamadaliyev. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер