Dunyo mamlakatlarida yangi oʻquv yili qaysi vaqtlarda boshlanadi?
Tasavvurimizda dunyoning barcha mintaqalaridagi maktablarda yangi oʻquv yili sentyabrdan boshlanadigandek. Aslida unday emas. Garchi pandemiya taʼlim sohasiga ham jiddiy taʼsir oʻtkazgan boʻlsa-da, anʼanaviy tarzda o'quv yili jahon mamlakatlarida turli muddatlarda start oladi. Keling, buni bir necha mamlakatlar misolida koʻrib chiqamiz.

Rossiyada oʻquv yili boshlanishi daraxt yaproqlari sariq va qizil tusga kirayotgan pallada boʻlsa, Yaponiyada esa ushbu jarayon sakuralar gullaydigan paytga toʻgʻri keladi. Kunchiqar mamlakatda birinchi qoʻngʻiroq aprel oyining boshida, soʻnggisi esa mart oxirida jaranglaydi. Oʻquv yili 11 oy boʻlib, oʻquvchilarning uzluksiz taʼlim olishi orada bir necha qisqa taʼtillar boʻlishiga qaramay yaxshi shakllantirilgan. Eʼtiborli jihati, har bir maktab oʻquv yilining boshlanish va tugash sanalarini oʻzi belgilaydi. Maktabga qadam qoʻyishdan oldin, yapon oʻquvchilari yana 1 hafta dam olishlari ham mumkin. Qolaversa, darslar 8:30 da boshlanib kechgacha davom etishi bilan ham yapon taʼlimi boshqa mamlakatlar oʻquv tartibidan tubdan farq qiladi. Aksariyat bolalar qoʻshimcha darslarga qatnaydilar va yakshanba kunlari ham ularning band boʻlishi odatiy hol. Bu yerda reyting ballari juda muhim hisoblanadi. Yaponiyada shunchaki maktabga borish va uy vazifalarini bajarish imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirishga kafolat bermaydi.
Yashil qitʼa sifatida eʼtirof etiladigan Avstraliyada mamlakatning bosh milliy bayrami — Avstraliya kunidan soʻng oʻquvchilar maktabga chiqishadi. Yaʼni yanvarning oxiri fevralning ilk kunlarida oʻquv yili boshlanib, dekabrda nihoyasiga yetadi. Har 4 haftalik oʻqish orasida 10 kunlik taʼtil beriladi.
Yana boshqa mintaqalarda ham yangi oʻquv yilining muddatlari turlicha. Deylik, Belgiya, Boltiqboʻyi mamlakatlari, Vengriya, Makedoniya, Irlandiya, Polsha va Sloveniyada oʻquv yili bizdagidek syentyabr oyida boshlanadi. Finlyandiya, Daniya, Germaniya va Shotlandiyada esa avgust oyida. Aksincha, Italiyada oʻquvchilar yangi oʻquv yili darslariga maʼlum belgilangan kunda emas, hududlar boʻyicha sentyabrning turli sanalarida kirishadi.
Lotin Amerikasi. Oʻquv yili Argentina, Kosta-Rika, Braziliyada fevralning birinchi haftasidan, Chilida 1-martdan, Urugvayda esa martning birinchi dushanbasidan start oladi.
Markaziy Amerika. Gvatemalada yanvar oyining ikkinchi dushanbasidan, Gondurasda esa 1-avgustdan deb belgilangan.
Osiyo. Xitoy, Gonkong, Laos, Tayvan, Mongoliyada xuddi bizdagidek sentyabrdan, Janubiy Koreyada 3-mart, Hindistonda mart oyi oʻrtasi - aprel boshida, Tailandda may, Fillipinda esa iyul oyidan navbatdagi oʻquv yiliga qoʻngʻiroq chalinadi.
Afrika. JAR va Tanzaniyada yanvarning oʻrtasidan, Janubiy Sudanda 20- martdan, Keniyada esa sentyabrdan maktablar oʻquvchilariga oʻz eshigini ochadi.
OʻzJOKU talabasi Sevinch ANVARBEKOVA tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring