Dubaydan Samarqandga muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi

16:25 21 Sentyabr 2022 Jamiyat
715 0

Foto: Xalq so‘zi

FlyDubai aviakompaniyasi Dubaydan Samarqandga muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻymoqda.

Bugun Birlashgan Arab Amirlikliklari FlyDubai aviakompaniyasining “Dubay-Samarqand” yoʻnalishi boʻyicha ilk qatnovni amalga oshirgan havo kemasi Samarqand xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

 

Shu munosabat bilan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda FlyDubai aviakompaniyasi va uning Oʻzbekistondagi hamkorlari, Transport, Turizm va madaniy meros vazirliklari masʼullari va OAV vakillari ishtirok etdi.

— Bugun mamlakatimizda nafaqat poytaxt, balki boshqa shaharlarda ham xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri oʻrinbosari J.Choriyev. — Jumladan, yangilangan Samarqand xalqaro aeroportining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida xorijiy aviakompaniyalar uchun cheklovlar olib tashlanib, beshinchi darajadagi havo erkinligi joriy etildi. Bu mazkur aeroportga reyslarga koʻpaytirish orqali sayyohlikni jadal rivojlantirishga katta yordam beradi. Kuni kecha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham davlatimiz rahbari tomonidan bizning vazirligimizga va boshqa idoralarga aniq topshiriqlar berildi. Birlashgan Arab Amirliklarining FlyDubai aviakompaniyasi jahondagi salohiyatli aviatashuvchilardan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya aviaparkining yangiligi, xizmat koʻrsatish sifati va darajasining yuqoriligi va yuzdan ortiq yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshirishi u bilan hamkorlik istiqbollarini belgilaydi. Shu bois mazkur kompaniya bugundan Dubay va Samarqand shaharlari oʻrtasida muntazam qatnovlarni yoʻlga qoʻydi.

Qayd etilishicha, Dubay-Samarqand-Dubay yoʻnalishida parvozlar hozircha haftada ikki marta - chorshanba va shanba kunlari, oktyabr oyining yakunidan esa toʻrt marta parvozlarni amalga oshirish, kelgusida esa har kuni qatnovni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotgan.

Oʻzbekiston shaharlari bilan aviaqatnovlar samarali boʻlishi alohida qayd etilgan holda 24 sentyabrdan Dubay — Namangan yoʻnalishida ham parvozlar amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, bugungi kunda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar soni har ikki tomondan haftasiga jami 13 tani tashkil etmoqda.

Parvozlar har ikki mamlakatning tayinlangan aviakompaniyalari Uzbekistan airways, FlyDubai, Air Arabia tomonidan bajarilyapti.

Abdulaziz Yoʻldoshev, «Xalq soʻzi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер