“Dilorom Doʻrman” mahsulotlari Rossiyada xaridorgir
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Karmana tumanining “Doʻrman” mahallasida faoliyat boshlagan “Dilorom Doʻrman” tekstil masʼuliyati cheklangan jamiyatida bugun “Doʻrman”, “Kumushkon”, “Qahramon” va “Hazora” mahallalaridan 50 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlangan.
Bolalar kiyimlari tikishga ixtisoslashgan ushbu tikuv korxonasi 2021-yilda tashkil etilgan. Unda 20 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, bir kunlik quvvat 2000 donaga teng.
— Biz asosan yarim tayyor mahsulotlar bilan ishlaymiz, — deydi korxona rahbari Asadbek Axtamov. — Poytaxtdagi bolalar kiyimlari ishlab chiqaradigan “Bonito Kids” va “Biryuza Group” korxonalari bilan shartnoma tuzganmiz. Ulardan bichim koʻrinishidagi mahsulotlarni buyurtma asosida qabul qilib, tayyor mahsulot holida qaytaramiz. Eksport ham ular orqali amalga oshiriladi. Mahsulotlarimiz hozirgi kunda faqat Rossiyaga eksport qilinmoqda.

Korxonada, asosan, mavsumga qarab, bolalar kiyimlari tikiladi. Tadbirkor imtiyozli kredit olib, yana 50 ta tikuv uskunasi olib kelish harakatida. Bu qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish bilan birga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va eksport salmogʻini ham oshirishi tayin.
— Mehnat jamoamizning 30 foizini “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlar tashkil etadi, — deydi korxona tikuv ustasi Nafisa Adizova. — Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi bilan shartnomamiz bor. Yangi ishga qabul qilingan qizlar oʻsha yerda 3 oylik maxsus kurslarda oʻqitiladi.
Korxonada bichim koʻrinishidagi materiallar tayyor mahsulot holiga keltirilguncha 20 taga yaqin bosqichdan oʻtadi. Mahsulot sifati har bir bosqichda alohida nazorat qilinadi. Yaqin kelajakda “Dilorom Doʻrman” brendi yaratilib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat Rossiyada, balki boshqa mintaqalar bozorida ham raqobatbardoshligini taʼminlash ustida ish olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring