...Demak, repetitor kerak!
Illyustrativ foto
Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy saytida eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, umumtaʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari fanlarni ixtiyoriy tanlov asosida oʻqishi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, oʻquv tizimi besh yoʻnalishda amalga oshiriladi:
1. Ijtimoiy gumanitar;
2. Xorijiy til va filologoya yoʻnalishi;
3. Iqtisod yoʻnalishi;
4. Texnologiya yoʻnalishi;
5. Tabiiy fanlar yoʻnalishi;
2019-2020 oʻquv yilida ushbu loyiha tajriba tariqasida oʻtkaziladi. Agar natija bersa, ushbu tizim toʻliq joriy etiladi. Bu bilan repetitorlarga ehtiyoj kamayadimi, degan savol tugʻiladi. Bu yangilikni umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari qanday qabul qiladi? Yaʼni, oʻquvchilar repetitorda tayyorlanishni afzal biladimi, yoki maktabda fanlarni toʻliq oʻzlashtira oladimi?
Mazkur masala yuzasidan bir qancha yoshlarning fikrini bilishga harakat qildik:
Durdona BAHODIROVA
— 10-11 sinf oʻquvchilar oʻzlarining qiziqqan sohasidagi fanlarni oʻrgansa, albatta, maqsadga muvofiq boʻladi. Masalan, men filologiya va xorijiy tilllarga qiziqsam, oliy oʻquv yurtiga kirishim uchun 10-11 sinfda tillarni yaxshi oʻrganib, oʻzimning sohamdagi fanlar bilan koʻproq shugʻullanardim. Bu esa yoshlar oʻrtasida sogʻlom raqobatni yuzaga keltiradi. Chunki 10-11 sinfgacha boshqa fanlarni oʻzlashtirilgan boʻlsa, 2 yil oʻz ustida faqat tanlagan yoʻnalishidagi fanlar bilan ishlaydi. Hozirda repetitorda tayyorlanayotgan abituriyentlar orasida oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi va maktabni tugatganlar, maktab oʻquvchilari ham bisyor. Bundan koʻzlangan maqsad bita — oliy oʻquv yurti talabasi boʻlish.
Repetitorda tayyorlanish oila byudjetiga ham anchagina zarar keltiradi. Chunki repetitorda bitta fandan bir oy tayyorlanish oʻrtacha hisobda 200 ming soʻm boʻlsa, bir yilligini hisoblayvering. Unutmasligimiz kerakki, repetitorlar ham aynan maktabda oʻrgangan kitoblarimizdan dars oʻtadi. Biz maktabda fanlarni qunt bilan oʻrgansak, repetitorga ehtiyoj qolmasligi aniq.
Umidjon ALIMARDONOV
Yuqori sinf oʻquvchilari ixtisoslashtirilgan, yaʼni, oʻzlari qiziqqan yoʻnalish fanlarini oʻrganishi repetitorga boʻlgan talabni tushira olmaydi. Chunki jamiyatimizdagi koʻp ota-onalar hamda yoshlarning miyasiga bir fikr singib qolgan. Yaʼni, yoshlar qachon oʻqishga kiradi? Qachonki, repetitorda tayyorlansa!
Bu yangilik, albatta, yaxshi. Bu tizim ishga tushgandan keyin oʻqituvchilarimiz ham doimo oʻz ustida izlanish olib borishi va malakasini oshirishi kerak.
Navroʻza RAHMATOVA
Maktablarda 10-11 sinf oʻquvchilari fanlarni ixtiyoriy tanlov asosida oʻqishi, oʻquvchining oliy oʻquv yurtiga kirish imtihoniga boʻlgan tayyorgarligini mustahkamlaydi. Oʻquvchilar vaqtidan unumli foydalana oladi hamda raqobat kuchayib, koʻproq oʻz ustida ishlay boshlaydi. Ammo bu bilan repetitorga boʻlgan talab umuman yoʻq boʻlib ketmaydi. Sababi maktab, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejini bitirib, oliy oʻquv yurtiga oʻta olmagan yoshlar ham koʻpchilikni tashkil qiladi. Repetitor aslida ana shu yoshlarimizga zarur. Toʻgʻri emasmi? Fikrimcha, 10-11 sinflar oʻrtasida ham repetitorda tayyorlanishni afzal biladigan yoshlar topiladi. Bunga sabab, afsuski, barcha oʻqituvchilar ham oʻz kasbining mohir bilimdoni emas.
Yuqorida bir-biriga mutanosib yoki qarama-qarshi boʻlgan bir nechta fikrni koʻrib chiqdik. Xulosa oʻzingizdan, albatta.
Yangi ishlab chiqilgan oʻquv tizimi oʻquvchilarning vaqtini va sarf-xarajatni tejaydi. Agarda bu tizim sinov muddatida yaxshi natija koʻrsatadigan boʻlsa, repetitorga boʻlgan talabning kamayishiga ishonchim komil. Bu yangilik maktabda dars oʻtadigan oʻqituvchilarga ham juda katta maʼsuliyat yuklashi tabiiy. Binobarin, doimo izlanishda boʻladigan, yoshlar bilan ishlaydigan hamda yoshlarning qiziqishiga qarab toʻgʻri yoʻnalish bera oladigan oʻqituvchilar zarur.
Murodjon RAHMATOV,
OʻzJOKU talabasi
“Jamiyat” gazetasidan olingan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring