Davlat bayrogʻi — milliy gʻurur, mustaqillik va birlik ramzi

17:55 17 Noyabr 2023 Jamiyat
702 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya hamda Yoshlar parlamenti hamkorligida “Davlat bayrogʻi — milliy gʻurur, mustaqillik va birlik ramzi” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganining dastlabki yilidanoq mamlakat suverenitetining muhim belgisi — Davlat bayrogʻiga ega boʻldi. 1991-yil 18-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Bayroq suverenitetimizning ramzi hisoblanishi, shu bilan birga, xalqaro munosabatlarda davlat timsoli boʻlishi mazkur qonunda belgilab qoʻyildi.

Bugun bayrogʻimiz faqat Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, shu yurtda tugʻilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha el-elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni yaqinlashtiradigan vositaga aylandi.

Qonunchilik palatasi deputalari, Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya va Yoshlar parlamenti aʼzolari mamlakat va jamiyat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida oʻrni borligini, xususan, milliy bayrogʻimiz davlat va jamiyat hayoti, uning jahon hamjamiyatidagi rolini koʻrsatishda muhim ahamiyatga egaligini qayd etdilar.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi raisi, Oʻzbekiston xalq rassomi Akmal Nur davlat ramzlari, jumladan, davlat bayrogʻini yaratish aslida musavvir qalamiga mansub ijodiy ishligini, oʻz vatanining davlat bayrogʻini yaratish va uning muallifi boʻlish ijodkor uchun ulkan faxr, iftixor ekanini bildirdi.

Oʻtgan yillar davomida Davlat bayrogʻiga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha salmoqli ishlar qilindi. Xususan, 2023-yil 7-iyul kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Qonunchilikdagi oʻzgarishlar davlatimiz ramzlari elementlaridan xususiy manfaat yoʻlida foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi. Asosiysi, tarixiy va boqiy qadriyatlarimiz asosida yaratilgan, xalqimizning oʻtmishi, buguni va kelajagi timsoli boʻlgan davlatimiz bayrogʻi va gerbiga nisbatan hurmatni qonuniy jihatdan mustahkamlaydi.

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga egaligi, davlat ramzlari davlat himoyasida ekanligi alohida belgilab qoʻyilgani, soʻnggi yillarda joylarda magʻrur hilpirayotgan bayrogʻimiz atrofida turli maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar tashkil etilayotgani qayd etildi. Hozirgi davr yoshlarda Vatanga boʻlgan muhabbatni yanada kuchaytirish maqsadida bayroqdan foydalanish doirasini kengaytirish zaruratini taqozo etayotgani aytildi.

— Bayrogʻimizda aks etgan har bir rang, belgi yurtimizning boy tarixi, milliy davlatchiligimiz, bebaho qadriyatlarimizni, Vatanimizning buyuk kelajagini ifoda etib, respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva. — Shu bois, bayrogʻimizga nazar solganimizda biz ruhan joʻshqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda gʻurur va buyuk istiqbolga ishonch tuygʻusini his etamiz. Zotan, bayroq bu — erkinlik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli, u bor ekan, millat bor, davlat va Vatan bor. Demak, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!

Tadbirda soʻz olganlar davlat ramzlariga oid qonunosti hujjatlarini yanada takomillashtirish, yosh avlodni davlat ramzlariga nisbatan hurmat, faxr-iftixor ruhida tarbiyalash borasida tashviqot-targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish lozimligini bildirdi.

Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер