Dashtbogʻliklar ishonch bildirib, amaldagi raisni qayta saylashdi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda mahalla tizimini isloh qilish, uning jamiyatdagi oʻrni va taʼsirini yanada kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yildan boshlab “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan yangiliklar asosida raislar saylovi yangicha tartibda oʻtkazilmoqda.
Namangan shahrining “Dashtbogʻ” mahallasida bu muhim siyosiy jarayon viloyatda birinchilardan boʻlib amalga oshirildi. Saylov ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan holda, mahalla fuqarolarining faol ishtiroki bilan tashkil etildi. Aholi ishtirokida oʻtkazilgan adolatli va xolis ovoz berish jarayoni jamoatchilikning yuksak bahosini oldi.
Soʻnggi yillarda mahalla institutini rivojlantirish, unga aloqador barcha xizmatlarni birlashtirgan “yettilik” tizimi — yigʻin raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori — yagona jamoa sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu esa mahalladagi muammolarga jadal va yechimli yondashish imkonini yaratayotir.
“Dashtbogʻ” mahallasi fuqarolari ushbu saylovda muvaffaqiyatli tajribaga ega Rahmatilla Jabborovga yana bir bor ishonch bildirdilar. U oʻz faoliyati davomida ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, aholi muammolarini hal etish, yoshlar tarbiyasi va bandlik masalalarida yuqori natijalarga erishgan.
— Muhim siyosiy jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrildi, — deydi Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi Namangan viloyat boshqarmasi masʼul xodimi Tohirjon Karimov. — Saylovning birinchi kuniyoq viloyatdagi 14 ta mahallada ovoz berish jarayonlari namunali tarzda tashkil etildi. Fuqarolar raislikka koʻrsatilgan kamida ikki-uch nafar nomzoddan eng munosibini tanlab, oʻz munosabatlarini erkin bildira oldilar.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, hozirgi kunda Namangan viloyatida 788 ta mahalla faoliyat yuritmoqda. Qonunga kiritilgan oʻzgartishlarga muvofiq, fuqarolar yigʻini raisining vakolat muddati endilikda 5-yil etib belgilandi. Bu esa mahalla raislariga uzoq muddatli va barqaror rejalar asosida ish olib borish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring