Daxldorlik hissining ifodasi
Foto: Xalq so'zi
Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi bir guruh deputatlarning mamlakatimiz hududlariga tashrifi davom etmoqda. 2023 yil 4 aprel kuni Navoiy viloyati davlat va jamiyat boshqaruvi tizimining turli ob’yektlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha muassasalarida qator uchrashuvlar amalga oshirildi. Ularda mamlakatimiz Konstitusiyasining yangilanishini taqozo etgan tarixiy, siyosiy va huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Xususan, Navoiy shahridagi uchrashuvda viloyatning bir qator tumanlari mahalliy Kengashlari deputatlari va mamlakatimiz parlamenti deputatlari o‘rtasida fikr almashishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari o‘tkazilayotgan referendumni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashlari va unda faollikka ja’vat etishlarini bildirishib, yangilanayotgan Konstitusiya mamlakatimiz izchil rivojlanishida tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
- Mamlakatimizning yangilanayotgan Konstitusiyasi qabul qilinishi uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak, - deydi Navoiy shahar Kengashi deputati Anora Bobomurodova. – Zero, referendumga taqdim etilgan loyiha o‘z ruhi va mazmuniga ko‘ra davlat vakolatlarini himoya qiluvchi emas, balki oddiy fuqarolarning huquqlarini kafolatlovchi hujjat hamdir. Qabul qilinishi bilan u mamlakatimizning har bir fuqarosini qadrlovchi “qo‘llanma”ga aylanadi, chunki unda barcha huquq va imkoniyatlarimiz batafsil va zamonaviy tarzda bayon etilgan.
Biz yangi tahrirdagi Konstitusiyani qabul qilish masalasini o‘z vaqtida ko‘tardik. Erishilgan natijalarni Bosh qomus darajasida mustahkamlab, kelajak istiqbollarini belgilab olishimiz lozim. Ishonchim komil, muvaffaqiyatli yakunlangan referendumdan so‘ng O‘zbekiston o‘z fuqarolari nomidan ishlaydigan eng demokratik va amaliy jihatdan qimmatli Konstitusiyaga ega davlatga aylanadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning bugungi hayotidan aniq misollar keltirib, jamiyatimiz taraqqiyotida katta ijobiy sakrash bo‘lganini va joylarda odamlar hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning ortga qaytmasligi tarafdori ekanini, avvalgi shart-sharoitlarga qaytmaslikni kafolatlaydigan normalarni Konstitusiya darajasi har tomonlama mustahkamlashga intilayotganlarini ta’kidladilar.
Yig‘ilishda Referendumdagi faollik mamlakat va millat kelajagiga daxldorlik hissining ifodasi ekanligi aniq dalillar bilan ta’kidlandi.
Temur ESHBOYЕV,
“Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring