Chorvachilik tarmoqlari uchun katta imkoniyat va ragʻbatlar beriladi
Ichki isteʼmol bozorini goʻsht, sut, tuxum va boshqa chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu bois, keyingi yillarda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirishga doir muhim qarorlar qabul qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yana-da qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, mazkur sohada bir qator yangiliklar joriy etilmoqda.
Xususan, shu yil 1-martdan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kompensatsiya va kafilligidan foydalangan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yoʻnalishidagi krediti boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida qaytarayotgan tadbirkorlik subyektlariga, kredit boʻyicha qarzdorligi toʻliq qoplanmaguncha, yangi kreditlar boʻyicha jamgʻarmaning kafilligidan yana foydalanishga ruxsat berildi.
Chorva mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilib, ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun mazkur yer uchastkalarida sugʻorish tik quduqlari burgʻulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan subsidiya beriladi. Bunda subsidiya xarajatlari davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab 2024-yil 1-yanvarga qadar naslchilik subyektlari uchun asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.
Qarorning ushbu bandi qorakoʻlchilikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Keyingi yillarda sur, qora va koʻk terili, yuqori elita sinfli nasldor qorakoʻl qoʻylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy naslchilik tajriba stansiyalari faoliyati alohida oʻrin tutmoqda. Ularning va naslchilik xoʻjaliklari maqomiga ega boshqa subyektlarning ushbu imtiyozlardan kelgusi uch yil mobaynida foydalanishi natijasida oʻz hisoblarida qolgan mablagʻlar asosiy faoliyatni kengaytirishlari uchun xizmat qiladi.
Hujjatga muvofiq, joriy yil 1-iyuldan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik xoʻjaliklariga – oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 soʻm hamda sogʻilgan sutning har bir litri uchun 200 soʻm miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi. Ushbu bandda nazarda tutilgan subsidiyalar qoʻshilgan qiymat soligʻidan qarzdorligi mavjud boʻlmagan, shuningdek, kontragentlarni tanlashda lozim darajada ehtiyotkor boʻlgan korxonalarga oʻz arizalariga asosan keyingi oyning 25-sanasigacha ajratilishi belgilab qoʻyilgan.
Muhim masalalardan yana biri, davlat veterinariya xizmati tizimida chorva mollari, parrandalar va baliqlar ozuqasi tarkibini tahlil qilish hamda parrandalar kasalliklari tashxisini qoʻyish boʻyicha laboratoriyalar tashkil etilishidir. Buning uchun shu yil 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 3 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan.
Baliqchilik va parrandachilik sohalarini sugʻurtalash tizimi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Misol uchun, boʻron, dovul, sel, suv toshqini, zilzila, kasalliklar oqibatida nobud boʻlish, mazkur joyga xos boʻlmagan darajada havoning sovuq yoki issiq kelishi, portlash, baliqxoʻr qushlar tomonidan zarar yetkazilishi va uchinchi shaxs tomonidan qasddan qilingan harakat, oʻgʻriliklar tufayli baliqchilik xoʻjaliklari zarar koʻrishi mumkin.
Yoki parrandachilik xoʻjaliklarini turli kasalliklar tarqalishi va favqulodda vaziyatlar (elektr energiyasi va tabiiy gazdagi uzilishlar) oqibatida nobud boʻlishidan sugʻurta orqali himoyalash tizimi mavjud emas. Shu sababli Moliya vazirligi «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasi hamda «Oʻzbekchorvanasl» agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda baliqchilik va parrandachilik xoʻjaliklarini yuqoridagi holatlardan himoyalashga qaratilgan sugʻurtalash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi qoʻyildi.
Yetishtirilgan mahsulotlarni sotishga koʻmaklashish ishlab chiqarishdan qisqa muddatlarda doʻkonga chiqarilishini taʼminlashda xarajatni kamaytirish va mahsulotlar sifati buzilishining oldini olishda katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga oʻzi ishlab chiqargan tuxum, parranda goʻshti va baliq mahsulotlarini sotish uchun dehqon bozorlari va aholi gavjum hududlardan doimiy savdo joylari (nuqtalari), har bir dehqon bozorida hamda shahar (tuman)dagi aholi gavjum joylarda kamida 2 tadan yengil konstruksiya asosida parranda va baliq mahsulotlari sotishga moʻljallangan savdo doʻkonlarini qurish uchun joy ajratiladi. Bu ishlarni tashkil etishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, «Parrandasanoat» va «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmalari masʼul etib belgilandi.
Arzon va sifatli ozuqa bilan taʼminlash chorva mahsuloti tannarxini kamaytirishda asosiy omillardan biri. Endilikda «Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJ raps (urugʻi, shroti, kunjarasi, yogʻi), pista (urugʻi, shroti, kunjarasi, yogʻi), soya (urugʻi, shroti, kunjarasi, yogʻi), baliq uni va yogʻi, arpa, makka, fosfat va xolin xlorid mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalarni birja savdolariga jalb qilish choralarini koʻradi. Bu jarayonda mahsulotlarni birja orqali milliy yoki xorijiy valyutada import qilishga ruxsat berilgani ham ayni muddao boʻldi. Zero, bu ishlar yaxshi tashkil etilsa, ozuqa narxlari maqbullashadi va barqarorlashadi.
Xulosa oʻrnida aytganda, ushbu qarorda chorvachilikning barcha tarmoqlari muvaffaqiyatli ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratish boʻyicha muhim vazifalar oʻz ifodasini topgan. Mazkur chora-tadbirlar ichki isteʼmol bozorini goʻsht, sut, tuxum va boshqa chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, ozuqa bazasini kengaytirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring