Chiroqchida “Taragʻay bahori” festivali oʻtkazildi

11:56 11 Iyun 2024 Jamiyat
272 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qadim va navqiron Taragʻay qishlogʻi oʻzining tarixiy qadamjolari, oʻziga xos qadriyatlari, soʻlim tabiati, bogʻdorchilik va ziroatchilikda erishayotgan yutuqlari bilan yuksak turistik salohiyatga ega. Shu boisdan, unga turizm qishlogʻi maqomi berilgan.

Prezidentimizning 2022-yil 27-yanvardagi qaroriga koʻra, har yili bu qishloqda “Taragʻay bahori” festivalini oʻtkazish anʼanaga aylandi. Purviqor togʻ yonbagʻirida ikkinchi marotaba oʻtkazilgan bu yilgi festivalda ishtirokchilar ochiq osmon ostida Chiroqchining koʻhna tarixi, madaniy merosi, milliy taomlari, hunarmandchilik mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi. Milliy xalq oʻyinlari, chanqovuz kuylari, baxshilarning chiqishlari festivalga oʻzbekona ruh bagʻishladi.

— Qishlogʻimiz yaqinida Siypantosh yodgorligi, Amir Temur gʻori, Temuriylar davriga tegishli koʻplab buyum, haykallar, tabarruk qadamjolar bor, — deydi shu qishloq fuqarosi Muazzam Ahmedova. — Festival tufayli bu yerga keladigan mahalliy va xorijiy turistlar soni koʻpaydi. Bu qoʻshni qishloq ahlining ham daromadlarini oshishiga katta hissa qoʻshmoqda.

Kuni boʻyi davom etgan bayram Amir Temur hayoti va faoliyati asosida sahnalashtirilgan konsert tomosha-shousi bilan yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер