Chiroqchida chinni choynak-piyolalar ishlab chiqarilmoqda

18:40 12 Yanvar 2024 Jamiyat
955 0

Chiroqchi tumani sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish borasida katta salohiyatga ega boʻlsada, koʻproq agrar sohaga ixtisoslashib qolgan edi. Soʻnggi yillarda tumanda xomashyo yetishtirish bilan bir qatorda, ishlab chiqarish sanoati ham jadal rivojlanib boryapti. Buni har yili sanoat sohasida oʻnlab yangi-yangi loyihalar amalga oshirilayotganida ham koʻrish mumkin.

Yaqinda “Anhor usti” oilaviy korxonasi rahbari Sobir Xonaliyevning tashabbusi bilan tumanda yana bir yangi loyiha – chinni buyumlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Tashabbuskor tomonidan sarflangan 1 milliard 200 million soʻm sarmoya evaziga barpo etilgan korxonada yiliga 50 ming dona chinni buyumlar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

— Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor ushbu loyihani roʻyobga chiqarishimizga zamin hozirladi, — deydi tadbirkor. — Shunday tashabbus bilan tuman hokimligiga murojaat qilganimizda, ishlab chiqarish majmuasini qurish uchun tumanning Mustaqillik mahallasi hududidagi kichik sanoat zonasidan yer maydoni ajratib berdi. Natijada bu yerda oʻz korxonamizni bunyod etib, ishlab chiqarishni boshlab yubordik.

Ayni paytda korxonada choynak, piyola, kosa va likopcha kabi 4 turdagi chinni buyumlar ishlab chiqarilmoqda. Bu faoliyat ortidan esa hududdagi 10 nafar fuqaroning doimiy ish bilan bandligi taʼminlangan.

Tadbirkorning aytishicha, tez orada korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi ham, ishchilar soni ham yanada oshadi.

— Hozir ishlab chiqarayotgan mahsulotimizni ichki bozorga yetkazib berishni boshladik, — deydi Sobir Xonaliyev. — Mahsulotlarimiz oʻzining sifati va narxi bilan xaridorlarga manzur boʻlmoqda. Bu esa bizni faoliyatni yanada kengaytirishga undayapti. Hozir 4 turdagi chinni buyumlar ishlab chiqarayotgan boʻlsak, ikkinchi bosqichda mahsulot turi 8 taga koʻpayadi. Keyinchalik ish koʻlami yanada kengayib, Chiroqchi chinni buyumlari yurtimiz va xorij bozorlarida oʻz nufuziga ega boʻladi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер