Chiroqchi tumanida bolalarning bogʻchaga qamrov darajasi 60 foizdan oshadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Chiroqchi tumanining Humo mahallasida joylashgan 140 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻta taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan va bu hudud ahlining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan edi.

Joriy yilda esa ushbu muassasa mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan kapital rekonstruksiya qilinib, qaytadan foydalanishga topshirildi. Endi mahalladagi bolajonlar zamonaviy qiyofa kasb etgan va yetarli shart-sharoitlarga ega bogʻchada taʼlim va tarbiya olishadi.

Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, bogʻcha yoshidagi bolalarning maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrovini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Har yili yuzlab yangi-yangi davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari qurilib, foydalanishga topshirilyapti. Natija esa mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida ham zamonaviy bogʻchalarning koʻpayishi, maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning taʼlim va tarbiyaga qamrab olish koʻlami oshib borayotganida namoyon boʻlmoqda.

Birgina Chiroqchi tumani misolida oladigan boʻlsak, bundan besh-olti yil avval hududda sanoqligina maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyat yuritar, bolalarning bogʻchaga qamrov darajasi esa 10 foizga ham yetmasdi. Bugungi kunda esa tumanda 279 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
— Ularning 20 tasi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlsa, 7 tasi davlat xususiy sheriklik asosidagi hamda 252 ta oilaviy bogʻchalar hisoblanadi, — deydi tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbari oʻrinbosari Shavkat Boyjigitov. — Bugungi kunda ushbu MTTlarida 13 ming 500 nafardan oshiq bola taʼlim va tarbiya olmoqda. Bundan tashqari, Dursun mahallasida 150 oʻrinli, Buronjuz mahallasida 90 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim muassasalari yangidan qurilyapti. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan yana 50 ta oilaviy bogʻcha ochish boʻyicha ishlar olib borilyapti. Ushbu muassasalar ham ishga tushirilgach, yaqin oylar ichida tumanda bolalarning bogʻchaga qamrov darajasi yana 60 foizdan oshadi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring