Chinozda YTH oqibatida bir kishi halok boʻldi
Joriy yilning 29-iyul kuni taxminan soat 09:00larda Toshkent viloyati Chinoz tumani hududidan oʻtuvchi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan M39 avtomobil yoʻlida 1989-yilda tugʻilgan haydovchi, Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi R.Sh. Lacetti rusumli avtomobilni Toshkent shahri tomondan Sirdaryo viloyati tomonga boshqarib ketayotgan boʻlgan.
Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati xabariga koʻra, u shu yoʻlning 866-kilometrida rul boshqaruvini yoʻqotib yoʻlning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va qarama-qarshi yoʻnalishda kelayotgan haydovchi, 1977-yilda tugʻilgan A.Gʻ. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtoulov bilan toʻqnashuv sodir etgan.
Natijada, Lacetti rusumli avtoulov yoʻlovchisi, 1981-yilda tugʻilgan, Toshkent shahrida istiqomat qilgan R.O. olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, Lacetti rusumli avtoulov haydovchisi R.Sh. ichki qon ketishi tashxisi bilan Chinoz tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.
“Hurmatli fuqarolar, yoʻllarda belgilangan tezlik talablariga, shuningdek yoʻl harakati qoidalariga amal qilgan holda harakatlaning. Zero, yoʻl xatoni kechirmaydi”, - deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring