Chekka qishloqdagi oila oyiga 1,5 ming AQSH dollari ishlab topmoqda
Foto: Шерзоджон ҲАМРОЕВ
Roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirish uddasidan chiqolmayotgan bir kishi donishmandga uchrab, “Erta-yu kech yelib–yuguraman, ishlayman, ammo nega birim ikki boʻlmaydi”, deya dardu hol qildi. Shunda donishmand “Ishlashni hatto hayvon ham biladi, sen ishning koʻzini bil”, deya tanbeh aralash maslahat bergan ekan.
— Bu ayni haqiqat,—deydi Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sadriddin Sharopov.— Zamonaning oʻzi ishning koʻzini bilib mehnat qilishni talab etyapti. Quvonarlisi, oramizda ana shunday tadbirkor insonlar tobora koʻpaymoqda. Mahalladoshimiz Farhod Jalilovning faoliyati fikrim tasdigʻi boʻla oladi.
Mahalla oqsoqoli Farhod akani bejizga misol tariqasida keltirmadi. Nafaqat oʻzi, balki turmush oʻrtogʻi va kelinining ham ishsizligi xonadon sohibi sifatida uni oʻylantirib kelayotgandi. Yaxshi insonlarning birgina turtkisi bu oila hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Gap shundaki, ular maslahati bilan Farhod Jalilov uyida tish tozalagich vositasini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Buning uchun tishining kavagida asrab yurgan mablagʻni sarfladi. 7 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ evaziga olingan bu dastgoh kuniga 200 quti mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Har bir qutida 700 dona tish tozalagich bor. Eʼtiborlisi, shu kichik bir loyiha sharofati bilan butun boshli oila ishli boʻldi. Muhimi, Jalilovlar xonadoni bu oʻziga xos tadbirkorlik ortidan oyiga 1,5 ming AQSH dollari miqdorida daromad topmoqda.
Viloyatning eng chekka hududlaridan sanalgan Arabxona qishlogʻida 548 ta xonadon istiqomat qiladi. Aholi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan mashgʻul. Besh barmoq baravar emas, deganlaridek, roʻzgʻorida yetishmovchiliklar uchrab turgan oilalar ham yoʻq emas. Farhod Jalilov xonadoni ishning koʻzini bilish borasida ularga ibrat, namuna, desak xato qilmaymiz. Darvoqe, Farhod aka mahalla masʼullari bilan bamaslahat ishlab, yana ikkita dastgoh sotib olish va oʻn nafar hamqishlogʻini ish bilan taʼminlash niyatida.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring