Bulungʻurda pavloniya plantatsiyalari

16:18 15 Aprel 2022 Jamiyat
864 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida “Paradaise garden of Pavloniya” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 35 gektar maydonda pavloniya plantatsiyalari tashkil etilgan.

Maʼlumki, ushbu daraxtning barglaridan to ildiziga qadar foydali. Asl vatani Yaponiya sanalmish ushbu daraxt niholini yilning istalgan faslida yerga oʻtqazish mumkin, faqat yer muzlamagan boʻlsa bas. Tez oʻsadi, xarajati kam.

Pavloniya daraxtining oʻziga xos ajoyib xususiyatlaridan biri uning tez oʻsishidir. Bir asr umr kechiruvchi ushbu daraxt har 7-8 yilda kesiladi va 4-8-martagacha qayta oʻsib chiqadi. Bu esa yerni tayyorlash va qaytadan koʻchat ekish kabi ortiqcha ovoragarchilik hamda sarf-xarajatlardan ozod etadi.

— Pavloniya niholi 4x4 sxemada ekilsa, 1 gektar yer maydoniga 625 dona nihol sigʻadi. Nihollar toʻgʻri parvarish qilinsa, 6-8 yilda 1 kubometrdan 2 kubometrgacha yogʻoch olish mumkin. Bundan tashqari daraxtlar orasiga ekin ekib, asalari boqib, kesilganida shoxlarini sotib qoʻshimcha daromad olish imkoni mavjud — deydi MCHJ ish boshqaruvchisi Sojida Jabbarova. — Agarda 2x2 sxemada ekilsa, daromad 2 hissa ortishi mumkin. Bunda 1 gektar yer maydoniga 2500 dona nihol sigʻadi. Shoxlari vaqtida siyraklatib, toʻgʻri parvarish qilinsa, daraxtlar 3-4 yilgacha bir-biriga xalaqit bermaydi. 3-4 yildan soʻng oralatib teng yarmini kesib sotilsa, qolgan teng yarmini 6-8 yilda kesib sotish mumkin boʻladi.

Mutaxassislarning fikricha, pavloniya bargidan chorvada, sanoatda bioyoqilgʻi olishda foydalanish mumkin. Gulidan yuqori sifatli, dorivor asal olinadi. Yanada eʼtiborlisi, pavloniyaga qurt, kuya tushmaydi, yogʻochi tekis quriydi. Shu sabab unga qurilish sanoatida talab yuqori.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер